Bosh sahifa » Arboblar » Oybek hayoti va ijodi. Oybekning tarjimai holi.

Oybek hayoti va ijodi. Oybekning tarjimai holi.

by administrator

oybek-hayoti-va-ijodi.-tarjimai-holi.XX asr oʻzbek adabiyotining rivojiga ulkan va bebaho hissa qoʻshgan ulugʻ adib, shoir, olim, jamoat arbobi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek 1905 yilning 10 yanvarida Toshkent shahrida boʻzchi oilasida dunyoga keldi.

Oybek haqida boshqa manba >>
Oybekning tarjimonlik mahorati >>
Oybekning she’rlari to’plami >>

Oldin oʻrta maktabda, 1922–1925 yillarda esa Toshkent taʼlim va tarbiya texnikumida tahsil oldi. Soʻngra Oʻrta Osiyo Davlat universitetining ijtimoiy fanlar fakultetida oʻqishini davom ettirdi. 1930 yili universitetni tugatib, shu yerda siyosiy iqtisoddan dars berdi.

Oybek adabiyotga 1926 yili chop etilgan “Tuygʻular” sheʼriy toʻplami bilan kirib keladi. Shoirning “Dilbar – davr qizi” (1931), “Oʻch” (1932), “Baxtigul va Sogʻindiq”, “Temirchi Joʻra” (1933) dostonlari oʻz davrining sheʼriy yilnomalaridir. U tarixiy va zamonaviy mavzularda yigirmaga yaqin dostonlar yaratadi. Oybek sheʼriyati nihoyatda goʻzal; oʻzining sodda, ravon va ifodali tilda, boy va rang-barang tasvir sanʼat vositalarida yaratilganligi bilan alohida ajralib turadi. Jumladan, u bir sheʼrida:

Yor ketdi, koʻzim bulogʻi qoldi,

Siynamda tirik firoqi qoldi.

Ishq xotirasi kabi sochimning

Yoshlikda koʻpaygan oqi qoldi…

 

deydi.

Oybek mohir shoir boʻlgani kabi yetuk romannavis ham edi. U yaratgan “Qutlugʻ qon”, “Navoiy”, “Ulugʻ yoʻl”, “Oltin vodiydan shabadalar”, “Quyosh qoraymas” kabi epik polotnolar oʻzbek realistik nasri taraqqiyotida muhim bir davrni tashkil etadi.

Oʻzbek xalqining 1916 yilgi milliy ozodlik qoʻzgʻoloni yozuvchining “Qutlugʻ qon” (1940) romanida zoʻr mahorat bilan realistik ifodalangan; “Navoiy” (1944) romanida oʻzbek adabiyotida birinchi boʻlib ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy obrazi yaratilgan.

“Oltin vodiydan shabadalar” (1949) asarida xalqimizning urushdan soʻnggi davrdagi yaratuvchilik mehnati, “Quyosh qoraymas” (1958) romanida Ikkinchi jahon urushi fojialari oʻz ifodasini topgan. Adibning “Ulugʻ yoʻl” (1967) asari esa “Qutlugʻ qon” romanining mantiqiy davomi boʻlib, unda yozuvchi xalq milliy ongining shakllanishini koʻrsatadi.

Oybek 1949 yilda Pokistonga sayohat qilgan. Adib qardosh xalq hayotini, kurash va intilishlarini “Pokiston xotiralari” ocherklarida, qator sheʼrlari, “Zafar va Zahro”, “Haqgoʻylar” dostonlarida, nihoyat, “Nur qidirib” qissasida tasvirlagan. Adibning “Bolalik xotiralarim” avtobiografik qissasi 1963 yilda yaratilgan. Qissaning bosh qahramoni yosh Muso, yaʼni Oybekning oʻzidir.

Oybek isteʼdodli shoir, yirik nosir boʻlibgina qolmay, mashhur olim, publitsist, tanqidchi, tarjimon va jamoat arbobi hamdir. Oʻzbek kitobxoni Pushkinning “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romanini, Lermontovning “Maskarad”, Molyerning “Tartyuf” dramalarini, shuningdek, antik adabiyot namunalarini Oybek tarjimasida oʻqishga muyassar boʻlgan.

Oybek 1943 yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga haqiqiy aʼzo etib saylanadi va 1950 yilgacha akademiyada ijtimoiy fanlar boʻlimining raisi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi boʻlib ishlaydi. U yuqori malakali filologlar tayyorlashda katta hissa qoʻshgan ustozdir.

Yozuvchi asarlari oʻzbek adabiyotining olamshumul shuhratini yanada oshirdi. Ustoz mahorati yosh yozuvchilar uchun ijod dorilfununiga aylandi. Adibning 20 jildlik toʻla asarlari majmuasi nashr etilgan. Shu maʼnoda uning oʻlmas asarlari maʼnaviy xazinamizdan mustahkam oʻrin oldi va umumxalq mulki boʻlib qoldi.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oybek 2000 yil oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

Boshqa arboblar >>

Oybek haqida boshqa manba >>
Oybekning tarjimonlik mahorati >>

Manba

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Attestatsiya
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x