Farididdin Attor
Farididdin Attor hayoti va ijodi haqida. Jahon so‘z san’atining zabardast namoyandalaridan biri, yirik mutasavvif shoir Farididdin Abuhomid Muhammad ibn Abubakr Ibrohim Nishopuriy Nishopur atrofidagi Kadkani qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Abubakr ibn Ibrohim attor va tabib edi. Bu kasb o‘g‘liga ham meros bo‘lib o‘tgan. Shoirning Attor nomi bilan xalq ichida mashhur bo‘lishi va uni adabiy taxallus qilib olishi shundan.
Yoshligidan ilm tahsiliga qiziqqan Muhammad adabiy, diniy, hikmatu kalom, nujum, tib va dorishunoslik fanlarini chuqur o‘zlashtirib, o‘z davrining peshqadam kishilaridan biriga aylanadi. U so‘fiylik muhiti va tasavvuf ahli orasida yashaganidan bu ta’limot unga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Uning o‘zi ham yirik shayx va avliyo bo‘lgan. Shayxlar shayxi Majdiddin Bag‘dodiy qo‘lidan darveshlik xirqasini kiygan. Eronlik mashhur adabiyotshunos Sayid Nafisiy ham uni kubraviya tariqatining davomchisi bo‘lgan, deb hisoblaydi. Shunga qaramay, Attor tariqat sulukida Shayx Rukniddinning muridi sanaladi. Aslida u uvaysiy bo‘lib, mashhur so‘fiy Mansur Hallojning ruhidan tarbiya topgan. Alisher Navoiy Jaloliddin Rumiy tilidan bu haqda:
«Shayx Mansur Halloj nuri yuz ellik yildin so‘ngra Shayx Farididdin Attor ruhiga tajalli qildi va uning murabbiysi bo‘libdir», — deb yozadi. Ayni paytda, Attor Jaloliddin Rumiyning kelajagini bashorat qilib, unga o‘zining «Asrornoma» kitobini hadya etgan.
Rumiyning: «Attor ruh edi-yu, Sanoiy uning ikki ko‘zi.
Biz Sanoiy va Attor izidan keldik», — degan iqrori bejiz emas. Alisher Navoiyning ham Attorga ixlos-e’tiqodi baland bo‘lib, besh yoshida «Mantiq ut-tayr»ni yod olgani, bir umr uning ijodidan ta’sirlanib, hayotining so‘nggida unga «tarjuma rasmi bila» javob aytgani — «Lison ut-tayr»ni yaratgani ma’lum. Bu dostonda Navoiy Attorni — Qaqnus, o‘zini — Qaqnus bolasiga o‘xshatgan edi.
She’rlari va ruboiylari
Attor juda sermahsul shoir bo‘lib, undan 50 ming bayt she’riy asar qolgan. Shoirning she’riy devoni, «Muxtornoma» ruboiylar to‘plami, «Mantiq ut-tayr», «Xusravnoma», «Asrornoma», «Ilohiynoma», «Musibatnoma», «Bulbulnoma», «Ushturnoma», «Javhar uz-zot» dostonlari va «Tazkirat ul-avliyo» tazkirasi ayniqsa mashhur.
Attor asarlari, asosan, tasavvuf haqiqatlari bayoniga bag‘ishlangan. Shuning uchun ham uning tasavvuf adabiyotidagi maqomi yuksak. Mutasavvif shoir bo‘lganligi uchun Sho‘ro davrida bizda Attor ijodiga mutlaqo murojaat qilinmagan. Mustaqillikdan keyin Najmiddin Komilov shoirning «Ilohiynoma» masnaviysining nasriy tarjimasini e’lon qildi. Kitobga Attorning hayoti va ijodini yorituvchi, dunyoqarashi va asarlarining mohiyatini ochib beruvchi kirish va so‘ng so‘zlar ham ilova qilingan. Mirzo Kenjabek esa «Tazkirat ul-avliyo» asarini turkchadan tarjima qilib, nashr ettirdi.
Farididdin Atgor — forsiy so‘z san’atidagi zabardast ruboiynavislardan biri hisoblanadi: uning «Muxtornoma»si 5000 ta ruboiyni o‘z ichiga oladi. Albatta, ularning barchasi bizgacha yetib kelmagan. Asarning Eronda nashr etilgan so‘ngga nashrida, ilovalar bilan qo‘shib hisoblaganda, 2279 ta ruboiy berilgan.
So‘fiyona ruh va mazmunga yo‘g‘rilgan bu ruboiylar, bir so‘z bilan aytganda, Ollohni ulug‘lash, ilohiy ishqni avj pardada kuylash, insonlik mohiyatini anglash, kamolot yo‘lida parda bo‘lgan jism, nafs va dunyoni mazammat qilish, ma’shuqa ta’rif-tavsifi, visol umidi-yu, ayriliq azoblari tasviriga bag‘ishlangan.