Askarlar haqida she’rlar ni etiboringizga havola etamiz. Ulardan foydalaning. Siz ham askar bo’ling. O’z fikringizni yozib qoldiring.
O’zbekiston Askari
O’zbekiston Askari
Qadamingdan o‘t chaqnar
liboslaring yarashar,
Ko‘rganlar xavas qilar-
O’zbekiston Askari!
Sen o‘z o‘rning sardori
Ximoyangda yosh-kari
Sergak turgin, charchama,
O’zbekiston Askari!
Tomirda qaynoq qoning,
Qadrlidir xar oning,
Oshgay shuxrat va shoning-
O’zbekiston Askari!
Ardoqlagin Vatanni
Bag‘ishlab jonu tanni
Yo‘latmagin dushmanni
O’zbekiston Askari!
Ozod yurtim bor, deb ayt
Yuzing yorug‘ bo‘lib qayt,
Faxr aylab bitgum bayt-
O’zbekiston Askari!
Harbiy haqida she’r
Bir kecha qo‘qqisdan uyg‘onib ketdim,
Soatga qarasam, ikkimi yo uch.
(Ehtimol sovuqdan) junjukdi etim,
Tashqariga tortdi allaqanday kuch.
Qandaydir sharpani ilg‘ab o‘zicha,
Go‘yo ogoh etib bizlarni xavfdan,
“Havf, havf”, deya bor ovozicha
Kuchuk hurar edi qo‘shni tarafda.
Ko‘ngil-da, atrofni ko‘zdan kechirdim,
Shukrki, hammayoq tinch va osuda.
Tunchiroq nurida ko‘rib, entikdim,
Farzandlarim yotar qator uyquda.
Hovlida o‘ynoqlab, kuylaydi shamol,
Bir-birin raqsga tortar xazonlar.
Daraxtlar jimgina surmoqda xayol,
Boshini tebratar gulu rayhonlar.
Tinchlik, hotirjamlik – ezgu tushuncha,
Shaksiz, yaratganning inoyati – bu.
Va ayni paytda qanchadan qancha,
Bedor nigohlarning sharofati – bu.
Kunni kun, tunni tun, demay, sarhadda,
Bedor, sergak turgan, ey askar ukam,
Sizlar bor, yashaymiz tinch, farog‘atda,
Yaxshiyam sizlar bor – bizlarga ne g‘am.
Tinchlik qadrin bildim ota bo‘lgach men,
Shular bor, ko‘naman hayot g‘amiga.
Bola kulgusiga, aytgil, nima teng,
Dunyoni alishmam tabassumiga.
Senga ko‘ngildagi borini aytay,
Sabru sabot tilay ayni choqda man.
Yaxshi niyat bilan sizlarga atay,
Uchta o‘rinbosar o‘stirmoqdaman.
Mudomki turibsiz ko‘krakni kerib,
Yo‘l yo‘q havotirga, yo‘l yo‘q qayg‘uga.
Endi dilbandlarim yoniga kirib,
Uyquga ketaman, shirin uyquga.
VATAN HIMOYACHILARI KUNI HAQIDA SHE’RLAR >>
Askar qo’shig’i
Saflarda qad kerib turgan ey askar,
Bilgil, mardni ko‘rsa, chekinar xatar.
Yurakni, bilakni etgil safarbar,
Gulday diyoringni asra hamisha!
Duosi, so‘zlari yodingda tursin,
Nur ingan yuzlari yodingda tursin,
Mehrli ko‘zlari yodingda tursin,
Onaizoringni asra hamisha!
Singling bor – tegrangda parvona, halak,
Og‘a-ining esa – mag‘rur, dovyurak.
Chin do‘stlaring bo‘lar yurakka tirgak –
Qatorda noringni asra hamisha.
Bir kuni omading, baxting kuladi,
Uying ham, ko‘ngling ham fayzga to‘ladi.
Bolangga munosib ona bo‘ladi –
Intizor yoringni asra hamisha!
Vatan – or timsoli, Vatan – nomus, shon,
Nomus bilan aziz sanalgay inson.
Sen oringga qo‘rg‘on, or – senga qo‘rg‘on,
Oringni – boringni asra hamisha!
Mard Yigitlar
Bolalar quvonchi, baxti-erkakdir.
Ayollar qudrati mulki-erkakdir,
Vatanim g‘ururi ko‘rki-erkakdir.Erkak bor, bog‘larda gullar ochilar,
Ular bor, qalblarga quvonch sochilar.
Oila butundir ular boridan,
Hayotin kizg‘anmas do‘sti, yoridan.Dasturxon qutligi – ular mehnati,
Ustimiz butligi – ular himmati.
Farzandlar chirog‘i – ular borligi,
Muhabbatning bizga mudom yorligi.Erkaklar mardligi berur iftixor,
Ularda mehr bor va muhabbat bor.
Farzandin ertasin o‘ylovchi ular,
Oila obro‘yin qo‘llovchi ular.Shunday yigitlarni sevar xaloyiq,
Shundayin erkaklar mehrga loyiq.
Ular elimizning sodiq posboni,
Ular bor, tinch erur yurtning osmoni.
Bayram muborakbod, aziz erkaklar,
Tilaymiz sizlarga ezgu tilaklar.
Omon bo‘ling bola, onalar uchun,
Sezing doim ayol mehrining kuchin.
Jasur va mag’rur kapitan
Ko’zingizning qarosiday saqlagaysiz,
Yurt ishonchin iymon qadar oqlagaysiz,
Qo’riqlaysiz shomu sahar dilda Vatan,
Nomus-ori, etiqodi but kapitan.
Karvonboshi suyangaydir siz-mardlarga,
Siz bermaysiz elingizni chang-gardlarga.
Yov kelsa gar olishasiz kechib jondan,
Siz jasursiz xamda mag’rursiz kapitan.
Siz Vatanga yarashgaysiz, olgumdir tan,
Vatan sizga yarashgaymi yo kapitan?
Qiziqtirmas o’zga narsa, yo gulbadan,
Orzuingiz omon bo’lsa bo’ldi Vatan.
Siz shu yurtning ahdi baland o’g’lonisiz,
Siz borsiz-ki, behavotir qo’rg’onimiz.
Faxrlangum goh oshkora, goho chetdan,
Siz borsiz-ki, hadigimiz yo’q kapitan!
Xizmatdosh do‘stlarimga — Orif Tolib sheri
Bir xil yur, deb uqtirar serjant,
Bir xil tur, deb uqtirar serjant.
Uxlar bo‘lsang, tushlaringni ham,
Bir xil ko‘r, deb uqtirar serjant.
Bir xil tushmas ammo negadir,
Poyma-poydir qadamlarimiz.
Kimdir safdan qolib ketadi,
O‘zib ketar ildamlarimiz.
Bir haftami, o‘n kunmi o‘tgach,
Izga tusha boshlar hammasi.
Tarbiyalar bizlarni chanqash,
Va toshyo‘lning o‘tdek nafasi.
Hayotda-chi, ammo hayotda,
Teng tushmaydi aslo odimlar.
Kimlar qolib ketadi ortda,
Ilgarilab ketadi kimlar.
Buni o‘nglab bo‘lmaydi hargiz,
Har kim qo‘ldan kelgancha yashar.
Lekin, do‘stlar, shu yurt uchun biz,
Bir umrga askarmiz, askar.
Mayli, turfa kechsin kunimiz,
Har xil bo‘lsin bizda quvonch, dard.
Ammo shu el, shu Vatanni biz,
Birday halol sevmog‘imiz shart!
Har biringiz bir butun lashkar
Jahon bilar alplarning kuchin,
Dunyo guvoh, odamlar shohid.
Vatan – xalqni qo‘riqlash uchun,
Chegaralab olingan hudud.
Avlodlarning doim ko‘ngli to‘q,
Ajdodlarning makoni – Vatan.
Bu hududning yomon yeri yo‘q,
Xasi – Vatan, tikoni – Vatan.
Yov lashkarin yengish san’atin,
Shiroq bobom hikoya qilgan.
Qarang, To‘marisning jur’atin,
Yurtni qanday himoya qilgan.
Jangda ba’zan bitta bahodir,
Zabt etilmas istehkom bo‘lgan.
Bir qo‘shinni yengishga qodir,
Metin bo‘lgan, mustahkam bo‘lgan.
Siz Vatanning sergak posboni,
Ofitsersiz, serjantsiz, askar.
Siz xalqimning harbiy imkoni,
Har biringiz bir butun lashkar.
14-yanvar Vatan himoyachilari kuni uchun tadbir ssenariylari
Askar o’g’longa maktub — Oygul Ubaydullo sheri
Omonmisan, bolajonginam,
Salomatmi jo‘ra-yu do‘sting?
Tilab menga sabr va chidam,
Debsan xatda, «Onajon, kuting».
Debsan yana, «Olmang xavotir,
O‘zingizni asrang, Onajon!»
Netay, bolam, onaman axir,
Bo‘lgin deyman, doimo omon.
Lovullaydi alanga misol,
Dilginangda Vatan sevgisi.
Yolg‘on aytma, olmagin malol,
Aldamaydi ona sezgisi.
Chegarada tur doim sergak,
Ko‘zlaringni uyqu eltmasin.
Polvon bolam, sen menga kerak,
G‘anim bexos toshin otmasin.
Tinchlik, sog‘lik – Olloh ehsoni,
Asra, bolam, buyuk ne’matni.
Doim senga tilarman, alhol,
Bobolardan meros qudratni.
Muhabbatim bo‘lsin qo‘ldoshing,
Mehrim tanga kuch bo‘lib ensin.
Oldirmagin og‘zingdan oshing,
Dilginamda xavotir tinsin.
Bolam, bugun, anglading, sezding,
Ona yurting joningga payvast.
Oq sutimga roziman, bolam,
Tinchlik tug‘in ko‘tarolding dast.
O‘z burchingni astoydil o‘ta,
Yorug‘ bo‘lsin sen-la yuzimiz.
Kelishingni ko‘p intiq kutib,
To‘rt bo‘lmoqda, bolam ko‘zimiz.
Askarlar haqida she’rlar. Vatan xizmatida yurgan o’g’lonlar
Ahd-vafoni ajdodlardan o‘rgangay –
El-u yurtim degan, ko‘ksi qalqonlar,
Mudom sharaf-u shonga burkangay –
Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.
Yuragida nomus bo‘lar, or bo‘lar,
Mag‘rurlikda lochin bo‘lar, sor bo‘lar,
Orzulari tog‘dek ulug‘vor bo‘lar,
Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.
Bo‘stoniga quzg‘un-zog‘ni yo‘latmas,
Qo‘rg‘onining bir toshin ham qulatmas,
Ichgan qasam, aytgan so‘zidan qaytmas,
Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.
Suvlar kechsa hamki, etik yechmagay,
Yovuzlarning hiylasiga uchmagay,
Jondan kechsa hamki, yurtdan kechmagay,
Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.
Toki bordir, mard, jasur posbonlari,
Musaffodir hur Vatan osmonlari.
Omon bo‘lsin, el fidoyi jonlari –
Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.
Askarlar haqida she’rlar yoqqan bo’lsa albatta fikr bildiring.
Tavsiya etamiz: 14-yanvar Vatan himoyachilari kuniga bolalar uchun she’rlar.