Bosh sahifa » Arboblar » Sadriddin Ayniy tarjimai hol. S.Ayniy biografiyasi ijodi

Sadriddin Ayniy tarjimai hol. S.Ayniy biografiyasi ijodi

by administrator

sadriddin-ayniy-tarjimai-holiXIX asrning soʻnggi choragida tugʻilib, XX asrning oʻrtalariga qadar yashab ijod etgan Sadriddin Ayniy oʻzbek va tojik adabiyotlari taraqqiyotiga muayyan hissa qoʻshgan zullisonayn yozuvchidir.

S.Ayniy roman va qissalari >>

U mansub boʻlgan yozuvchilar avlodi xalq va jamiyat hayotidan uzoqlashib qolgan mumtoz Sharq adabiyotiga yangi toʻlqin berishga, uni yangi tarixiy davrning gʻoyalari bilan boyitishga intildi.

Shu maʼnoda Sadriddin Ayniy va uning qalamkash birodarlari XX asrning 10-yillarida yangi tipdagi oʻzbek va tojik adabiyotiga poydevor qoʻydilar.

Sadriddin ayniySadriddin Ayniy 1878 yili Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumaniga qarashli Soktare qishlogʻida tugʻildi. Oʻn bir yoshida ota va onasidan yetim qoldi.

Maʼrifatparvar otasi qoʻlidadastlabki taʼlimni olgan Sadriddin Ayniy 1890–1899 yillarda Buxorodagi madrasalarda tahsil koʻrib, oʻz davriga yarasha puxta bilim egalladi. Kalkutta, Bogʻchasaroy, Ufa, Orenburg, Qozon singari shaharlarda nashr etilgan gazeta va jurnallar bilan tanishish, ayniqsa, Fitratning “Munozara”, “Sayyoh hind qissasi” singari asarlarini mutolaa etish boʻlajak yozuvchining dunyoqarashida inqilobiy oʻzgarishlarni vujudga keltirdi.

U amirlik tuzumining chiriganini, mamlakatni boshqarish usulini yangilash, demokratik islohotlar oʻtkazish va xalq ommasini maʼrifatlashtirish zarurligini sezdi. Sadriddin Ayniy ana shu tarzda yosh buxoroliklar harakatiga kelib qoʻshildi va oʻzbek jadid adabiyotining yorqin namoyandalaridan biriga aylandi.

S.Ayniy roman va qissalari >>

Boshqa arboblar haqida >>

Sadriddin Ayniy oʻsmirlik yillarida turmush tebratish uchun jismoniy mehnat bilan koʻproq shugʻullangan boʻlsa, ijtimoiy ongida roʻy bergan oʻzgarishlar tufayli keyinchalik aqliy mehnat yordami bilan kun kechira boshlaydi. Chunonchi, u tatar maktabida tarjimon boʻlib xizmat etadi. Shu asnoda muayyan malaka hosil qilgan Sadriddin Ayniy doʻsti Mirza Abdulvohid bilan birga uning hovlisida maktab ochadi.

1909 yilda esa “Tazhib us-sibiyon” (“Bolalar tarbiyasi”) degan oʻqish kitobini yaratadi. Yosh muallimning bu dastlabki pedagogik ishlari oʻsha davr uchun katta voqea boʻlgani sababli qattiq qarshilikka uchraydi.

“Imtihonlar boshlangan pallada, – deb yozadi u tarjimai holida, – katta mullalar igʻvo boshlab, bolalarni kofir qiladi, deb bizning maktabimizga qarshi chiqdilar, ular amirga murojaat qilib, maktabimizni yoptirdilar va amirga qarashli boʻlgan kishilar bu bilan ham qanoatlanmay, Mirza Abdulvohidni olomon qilib oʻldirmoqchi boʻldilar. Ular Buxorodan qochib ketdilar, men bir muncha vaqg yashirinib yurdim”.

Bunday taʼqiblar uzoq davom etdi. 1917 yil Fevral inqilobidan soʻng esa Sadriddin Ayniy faol ijtimoiy harakatdan uzoqlashganiga qaramay amir tomonidan yetmish besh tayoqlik jazoga hukm qilinadi.

Sadriddinning badiiy ijodga qiziqishi talabalik yillarida boshlangan. U dastlab Sifliy (Past), Muhtojiy va Jununiy (Telba), oʻn sakkiz yoshida esa “Ayniy” taxallusi bilan ijod qila boshladi.

Sadriddin Ayniyning 1917 yilga qadar yaratgan asarlari u qadar koʻp emas. U garchand inqilobga qadar boʻlgan davrda “Oyna”, “Ulugʻ Turkiston”, “Al-isloh”, “Hurriyat”“Sadoi Turkiston”, “Taraqqiy” singari gazeta va jurnallarda oʻz sheʼrlari va maqolalari bilan yosh ijodkor sifatida qatnashadi, vaqt oʻtishi bilan jiddiy hayotiy mavzularga qoʻl urishga, davrning qon tomirini topishga intiladi.

Chunonchi, 1896–1904 yillarda “Guli surx”, “Bazm” singari katta mazmundan xoli sheʼrlarni yozgan boʻlsa, keyinchalik yaratgan “Yoshlarga murojaat”, “Hasrat”, “Na oʻldi, yo rab!”, “Moziy va hol”, “Yerni yana sotmang” singari sheʼrlarida jadid adabiyotining nafasi ufurib turadi.

“Ustoz Ismoilbek janoblari” degan marsiyada esa Sadriddin Ayniy jadidchilik harakatining otasi Ismoil Gʻaspirali vafoti munosabati bilan musulmon Sharqi oʻzining buyuk rahnamolaridan biridan mahrum boʻlganini aytadi.

Sadriddin Ayniy 1917 yilga qadar kechgan ijodida, boshqa jadidlar singari maqolanavislik (publitsistika) bilan ham samarali shugʻullandi. Uning “Oyna” jurnalida chop etilgan “Har bir millat oʻz tili ila faxr etar” degan maqolasi muallifning 1915 yildayoq Turkiston xalqlari oʻrtasida oʻzbek tilining mavqeini koʻtarish vazifasini oʻz oldiga qoʻyganini namoyish etdi. U shu davrda nazariy xarakterdagi ishlar bilan band boʻlib qolmay, fors-tojik tilida “Buxoroi sharif”, oʻzbek tilida “Turon” gazetalarini nashr etishning tashabbuskorlaridan biri boʻldi.

“Ushbu ikki gazeta, – deb yozgan edi Sadriddin Ayniy, – Italiya va Bolqon muhorabasi asnosida nashr boʻlgʻonlaridan har bir narsadan xabarsiz Buxoro aholisini tarihdan, siyosatdan, jugʻrofiyadan, Ovroʻponing umumiy ahvolidan, musulmonlarning halokat chuquriga tushayotganlaridan xabardor qildilar. Yoshlar boshiga adabiyot, qalam va oʻqimoq fikrlari tushdi. Otalar eslariga bola tarbiyasi va oʻqitmoq hollari keldi”.

S.Ayniy roman va qissalari >>

Sadriddin Ayniyning dastlabki ijodiy faoliyati toʻgʻrisida soʻz borar ekan, 1909–1910 yillarda tuzilgan “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) jamiyatini chetlab oʻtish mumkin emas. Sadriddin Ayniy ishtirokida tuzilgan bu jamiyat oʻz oldiga, birinchidan, keng xalq ommasi orasida maorif va turli adabiyotlarni tarqatish, ikkinchidan, isrofgarchilikka, maishatparastlikka va boshqa nojoʻya urf-odatlarga qarshi kurash, uchinchidan esa hukumatga qarshi keng tashviqot ishlarini olib borish vazifasini qoʻygan.

Xullas, Sadriddin Ayniy bu davrdagi ijodi va tashkilotchilik faoliyati bilan oʻzbek jadidchilik harakati va jadid adabiyotining shakllanishida muhim ahamiyatga molik ishlarni amalgaoshirdi. Uning bu boradagi xizmatlari Sadriddin Ayniy ijodiy faoliyatining munavvar sahifalaridan birini tashkil etadi.

S.Ayniy roman va qissalari >>

Boshqa arboblar haqida >>

Manba

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Attestatsiya
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x