Bosh sahifa » Arboblar » Munavvarqori Abdurashidxonov tarjimai holi. Biografiyasi asarlari

Munavvarqori Abdurashidxonov tarjimai holi. Biografiyasi asarlari

by administrator

Munavvarqori Abdurashidxonov tarjimai holi. Biografiyasi asarlari

Munavvarqori-Abdurashidxonov“Munavvar” – nur olgan, nurli degani. Turkiyada hozir ham bu soʻzni ziyoli oʻrnida qoʻllaydilar. “Qori” deb Qurʼonni maromiga yetkazib oʻqiydiganni aytganlar. U Toshkentning maʼrifatli bir xonadonida tugʻilib, ismiga munosib boʻlib oʻsdi. Hujjatlardan uning Shayxontohur daha, Darxon mahallasida tugʻilib oʻsgani maʼlum boʻladi. Otasi Abdurashidxon mudarris, onasi Xosiyatxon otin boʻlgan.

Munavvar onasi qoʻlida savod chiqargan. Dastlab Toshkentda Yunusxon madrasasida, soʻng Buxoroda oʻqigan. Oʻtgan asrning 90-yillari oxirlarida jadidlarga qoʻshilib, 1901 yilda Toshkentda birinchilardan boʻlib “usuli jadid” maktabi ochadi. Bu maktablar uchun “Adibi avval”, “Adibi soniy” kabi alifbo va xrestomatiyalar, “Tavjid al-Qurʼon” (“Qurʼon qiroati”), “Yer yuzi” (“Geografiya”) singari qoʻllanmalar tuzib, nashr etadi. Bu darsliklar 1901–1917 yillar oraligʻida eng kami 2-3, koʻpi 9-10 martagacha alohida-alohida holda nashr etilgan.

Munavvarqori va uning maktabi yuksak nufuzga ega edi. Masalan: shunday bir dalilni keltirish mumkin. “Oyna” jurnalining 1914 yil sonlaridan birida Mahmudxoʻja Behbudiyning Turkistonda oliy milliy taʼlim istiqboli haqida bergan mushtariylarning savoliga javobi bosilgan. Behbudiy unda Toshkentda Munavvarqorining maktabini mana shunday oliy tahsilga zamin boʻla olishi mumkinligini aytgan edi.

Munavvarqori Abdurashidxonov asarlari >>>

Boshqa arboblar >>

Oʻzbek matbuotining maydonga kelishida Munavvarqorining xizmatlari katta boʻldi. U oʻzbek matbuotining dastlabki namunasi 1906 yilda chiqqan “Taraqqiy” gazetasining tashkilotchilaridan va mualliflaridan edi. Oʻsha yili Munavvarqorining oʻzi “Xurshid” gazetasini chiqardi. Gazetaning faol mualliflaridan biri Xudoyorxonning oʻgʻli Fansurullobek edi. Mahmudxoʻja Behbudiyning ishtirokiyun (sotsialistik) partiyasini keskin rad etgan mashhur “Xayrul umuri avsotuxo” maqolasi mana shu gazetada (1906, №6) bosilgan edi. Soʻng Munavvarqori “Sadoyi Turkiston” (1914–15) ni maydonga chiqarishda jonbozlik koʻrsatdi. 1917 yilning martida esa oʻzi muharrirligida “Najot” gazetasini chiqardi. Shu yilning iyunida esa Toshkentda Ahmad Zaki Validiy tomonidan “Kengash” jurnali oʻrtaga chiqdi. Koʻp oʻtmay, uning muharrirligini Munavvarqori olib bora boshladi.

Umuman oʻzbek matbuotining maydonga kelishini ham, tarixiy taraqqiyotini ham Munavvarqorisiz, uning yuzlab ehtirosli maqolalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Munavvarqori XX asr boshidagi ijtimoiy-siyosiy harakatchilikning, milliy ozodlik koʻtarilishining eng eʼtiborli namoyandalaridandir.

Abdull Avloniy tarjimai hollaridan maʼlum boʻlishicha, 1901 yillardan boshlab, Toshkentda mahalliy yoshlardan “Jadidlar toʻdasi” tashkil topgan edi. 1914–15 yillarda “Sadoyi Turkiston”da muharrirlik qilgan, 1909 yilda Lev Tolstoy bilan xat yozishgan advokat Ubaydulla Asatillaxoʻjayev, shoir Abdulla Avloniy, Nizomiddin Xoʻjayev kabilar bu guruhning faollari boʻlib taniddilar. Avloniy unga 1904 yilda aʼzo boʻlganini maʼlum qiladi. Munavvarqori uning asoschilaridan edi. 1909 yilda u boshqa maʼrifatparvar jadidlar bilan birga “Jamiyati xayriya” tuzadi. 1913 yilda “Turon” jamiyatini taʼsis etadi.

“Maktab”, “Nashriyot” kabi shirkatlar ochadi. Jamiyatning maqsadi yerli musulmon aholisi orasida maorif – madaniyatga ragʻbat uygʻotish, ularga modsiy-maʼnaviy yordam berish, ular uchun sahna asarlari tayyorlash va koʻrsatish edi.

Munavvarqori yoshlarni rivojlangan mamlakatlarda oʻqitish, shu orqali Millat va Vatanni farzandlariga tanitish, dunyoni anglatish ishlariga alohida eʼtibor berdi. 1908 yildan 1923 yilga qadar uning gʻayrat va tashabbusi bilan yuzdan ortiq turkistonlik chetda oʻqib keldi. 1920–23 yillarda bu tashabbusni Buxoroda Fitrat va Fayzulla Xoʻjayev qoʻllab-quvvatlab chiqdilar. Maʼlumotlarga qaraganda birgina 1922 yilda Olmoniyada oʻqiyotganlarning soni 60 ga yetgan. Shulardan toʻrttasi (Jabbor Sattor, Saidali Xoʻjayev, Ahmad Shukuriy, Vali Qayumxon) toshkentlik edi.

Munavvarqori garchi teatr asari yozmagan boʻlsa-da, Turkistondagi teatrchilik ishlarining yoʻlga qoʻyilishida Abdulla Avloniy yonidaturdi. 1913 yilda tuzilgan “Turon” jamiyati nizomida teatrchilik ishlari alohida taʼkidlangani, uning zaminida “Teatr” havaskorlari truppasi” tashkil topgani bejiz emas. 1914 yilning 27 fevralida Toshkentdagi “Kolizey” (hozirgi Savdo birjasi binosi)da mana shu truppa tomonidan “Padarkush” dramasi birinchi marotaba sahnaga qoʻyiladi. Tomosha oddidan Munavvarqori teatr va uning ahamiyati haqida nutq soʻzlaydi. Matbuot bu kunni “Tarixiy kun” deb eʼlon qiladi. Shoir Tavallo esa shu munosabat bilan sheʼr yozadi. Unda shunday satrlar bor edi:

 

Choʻh munavvar etti olamni Munavvarqorimiz,

Koʻrdimiz ravshanligʻidin feʼlimiz, atvorimiz.

 

Ibrat oling, yoshlar, deb toʻqdi koʻzdin yoshlar,

Nutqida tahrir edub, bizlarni yoʻqu borimiz.

 

Chun qoʻnguldan biz eshitduk, chin-achigʻ aytgan soʻzi,

Shuncha bidʼatlarni bilduk, voy, biz iqrormiz.

 

Munavvarqori adib sifatida ham maʼlum eʼtibor va nufuzga ega edi. Xususan, uning “Adibi avval”, “Adibi soniy” kitoblari darslik-majmua yoʻsinida yozilgan boʻlib, koʻplab sheʼriy va nasriy hikoyalarni oʻz ichiga olgan. Har birining soʻnggida “hissa” – xulosa chiqarilgan. Ular mavzuiga koʻra har xil. Koʻpchiligi tarixiy mavzuda. Yoʻl yoʻnalishga koʻra ibratomuz pandlardan tashkil topgan. Tili sodda, oʻqilishi qiziqarli. Masalan: “Adibi soniy”dagi ilk hikoyalardan biri “Iskandar ila Arastu” deb nomlangan.

“Oʻtgan zamonda Iskandari Rumiy degan bir podshoh bor edi, – deb boshlanadi hikoya. – Oning Arastu otligʻ bir olim va dono otasi bor edi. Iskandar Arastuni oʻz yoniga bosh vazir qilub, barcha mamlakat ishlarini topshurmish edi. Bir ish qilsa, shuning maslahati ila qilur edi. Eshikdan kelsa, oʻrnidan turub, joy berur edi. Oʻzining otasidan ortuq izzat va hurmat qilurdi. Bir kun vazirlardan biri Iskandardan soʻradiki, “Na uchun Arastuni otangizdan ortuq izzat qilursiz?”

Iskandar aytdi:

“Otam goʻyoki meni osmondan yerga tushurdi. Ammo ustozim Arastu meni yerdan osmonga koʻtardi. Yaʼni otam meni dunyoga kelmogʻimga sabab boʻldi. Ustozim ilmu adab oʻrgatub, martaba va izzatimni ortmogʻiga sabab boʻldi. Shuning uchun ustozimni otamdan ortuq izzat qilurman”.

Bu hikoyadan hissa nadur? Bolalarning oʻzlari topsunlar”.

Hikoyalar orasida XX asr boshidagi tarixiy voqealar, ijtimoiy-maishiy turmush manzaralari haqida yozilganlari ham anchagana. Maʼlum boʻlganidek, Munavvarqori badiiy adabiyot bilan yaqindan shugʻullangan ziyolilarimizdan edi.

U 20-yillarda esa tilshunoslikka oid asarlar yozdi. Uning 1925 yilda eʼlon qilgan Qayum Ramazon va Shorasul Zunnun bilan hamkorlikdagi uch boʻlimlik “Oʻzbekcha til saboqligʻi” kitobi shu yoʻddagi jiddiy ishlardan boʻldi. Mualliflar turkcha tilshunoslik atamalari endigina shakllanayotgan bir paytda shunday murakkab ishni amalga oshirgan edilar.

Lekin Munavvarqori millat tarixida birinchi navbatda jamoat va siyosiy arbob sifatida qoldi. U oʻtgan asrning 90-yillari oxiridan umrining soʻnggigacha Millat va Vatan ravnaqi, ozodligi yoʻlida kurash olib bordi. Uning butun ijodi va faoliyati mana shu ikki masala atrofida kechdi. Ayniqsa uning 17-yillardagi faoliyati qizgʻin boʻldi.

U mashhur 1917 yil fevral voqealaridan qoʻp oʻtmay, oʻsha yilning martidayoq “Shoʻroyi islomiya” jamiyatini tuzdi. Milliy, diniy zaminga suyangan, shariatga asoslangan mustaqil Turkiston hukumatini tuzish gʻoyasini ilgari surdi. “Shoʻroyi islomiya”ning 16–23 aprelda Toshkentda boʻlib oʻtgan birinchi qurultoyida “Turkiston musulmon deputatlarining Markaziy Shoʻrosi” tuzilib, Munavvarqori rais boʻlib saylandi. “Markaziy Shoʻro”da Mahmudhoʻja Behbudiy, Mustafo Choʻqayev kabi tanikli maʼrifat va siyosat kishilari bor edi.

1917 yilning yoziga kelib bolsheviklar faollashdilar. Ular mahalliy ziyolilarning bir qismini, ayrim kambagʻal toifalarni oʻz izlaridan ergashtirishga muvaffaq boʻldilar. Munavvarqori bundan qattiq tashvishga tushdi. Oktyabr toʻntarishini tashvish va sarosima bilan kutib oldi. Qoʻqon (Turkiston) muxtoriyatining qizgʻin tarafdorlaridan boʻldi. Muxtoriyat xoinona bostirilgandan keyin xalqni uygʻotish, koʻzini ochish yoʻllarini qidirdi. 1918 yilning bahorida Turkiston xalq dorilfununining musulmon boʻlimini tuzdi. Shu yilning mayidan dekabriga qadar ushbu musulmon xalq universitetining rektori vazifasini bajardi, til bilimidan dars berdi, ulkan tashkiliy ishlar olib bordi.

Turkistondagi zamonaviy oliy taʼlimning maydonga kelishida oʻzining munosib hissasini qoʻshdi. 1919 yilda “Turkiston komissiyasi” tuzilib, Maskov nazoratni qoʻlga ola boshlagach, Munavvarqori ishdan boʻshatildi. 1920 yilda Buxoroda xalq jumhuriyati oʻrnatilgach, uni Buxoroga chaqirib oladilar. Buxoroda amir hokimiyati agʻdarilganda u Bokuda Sharq xalqlari qurultoyida edi. Bokudan qaytgach, Buxoro xalq maorifiga ishga yuboriladi. Lekin toʻrt oy oʻtar-oʻtmas, 1921 yilning 20 martida Toshkentga chaqirib olinadi. Ikki oycha ishlagandan soʻng, qamoqqa olinadi. Toʻgʻri, u 1917 yilning oktyabridan keyin oʻzining shoʻrolarga qarshi kurashini yashirin ravishda davom ettirgan.

Buni uning qoʻlyozma holida qolgan xotiralari ochiq-oydin koʻrsatadi. Jumladan, Oktyabr arafasida “Ittihod va taraqqiy” jamiyatida qatnashgani, jamiyat sovet davrida ham faoliyat koʻrsatgani maʼlum boʻladi… Biroq koʻp oʻtmay Munavvarqori qamoqdan chiqariladi va yana oʻqituvchilik qila boshlaydi.

20-yilning oʻrtalaridan jadidchilikka munosabat oʻzgara boshlagach, Munavvarqoriga ham hujum boshlanadi. Shunga qaramasdan u oʻz yoʻlidan qaytmaydi. 1917 yilgi Toshkent okrug madaniyatchilarining qurultoyida jadidchilikni himoya qilib chiqadi. Ikkinchi marotaba Munavvarqorini 1929 yilda qamoqqa oddilar. Unga millatchilik aybi qoʻyiladi va 1931 yildaxalq dushmani sifatida otib tashlandi.

Munavvarqorining qatl qilinishi Stalin qatagʻonining birinchi toʻlqinini boshlab bergan edi.

Munavvarqori Abdurashidxonov Munavvarqori Abdurashidxonov uzoq yillar davomida dushman sifatida qoralanib kelindi. Uning tariximiz, madaniyatimiz rivojidagi xizmatlarini oʻrganish va taqdirlash ishlarining hammasi oldinda turibdi.

Munavvarqori Abdurashidxonov asarlari >>>

Boshqa arboblar >>

Manba

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Attestatsiya
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x