Urgut shahrining yodgorliklaridan biri Chor Chinor ziyoratgohi. Asrlik chinorlar usgan xiyobon buloq suvi bilan sug‘orilib turadi. Chor Chinor maydonida hovuz bo‘lib, uning atrofida sayyorhar, mahalliy aholi yig‘ilib, hordiq chiqarishadi, buloq chashmasi suvidan bahramnad bo‘lishadi.
Chor chinor bog’i.
Urgut tumani markazidagi “Chor chinor” ziyoratgohida bir yuz yigirmadan ziyod bahaybat chinor daraxti yashnab turibdi. Ular ming yildan oshiq umr ko‘rgan. Majmua darvozasidan ichkari kirishingiz bilan markaziy yo‘lakning ikki tomonida o‘sgan bahaybat chinorlarga ko‘zingiz tushadi.
Chor-Chinor muqaddas joy hisoblanadi. Uning maydonida masjid ham bo‘lib, uning qurilishi XX asr boshlarida boshlangan.Mahalliy aholi gap-so‘zlariga ko‘ra, 70 yillar bu daraxtlarni kesib tashlamoqchi bo‘lishgan ekan, biroq daraxt shu darajada chuqur ildiz otib ketgan ekan-ki, ularni joyidan qimirlata olishmagan ekan.
Qadimdan o‘zbek xonadonlarida bu daraxtga bahodirlik va pahlavonlik ramzi sifatida qaralgan. Chinor yog‘ochi noyob qurilish materiali sifatida ham ishlatiladi. Ularni kuzata turib, shoirning:
“Magar chinor bo‘lsang, chinorday yasha,
Bevaqt uzilmasin biror yaprog‘ing”, degan misralari ko‘ngildan kechadi.
Ziyoratgohdagi eng katta chinorning yoshi 1300 yildan oshgan. O‘sha chinor kovagiga o‘rnatilgan eshikdan ichkari kirdik. Kovak keng va kattagina ekan. Bu istalgan kishini lol qoldiradi. Ilgari bu yerda ko‘plab tolibi-ilmlar saboq olgan ekan. Rivoyatlarga ko‘ra, arab sarkardalaridan biri Xo‘ja Abu Tolib Urgutdagi buloq atrofiga to‘rt tup chinor daraxti ektiradi. U vafot etgach (866-867 yillar), shu chinorlar yaqiniga dafn etiladi. Xullas, bu joy “Xoja Chor chinor”, degan boshqa nom bilan ham ataladi. “Chor chinor” majmuasi ichida 1914 yilda Shayx Muhiddinxon tomonidan barpo etilgan masjid ham bor.
Ziyoratgohda sokinlik, orastalik hukmron. Tog‘ bag‘ridan sizib chiqayotgan hovuz-buloq jimirlab qaynayotganga o‘xshaydi. Bunga sabab hovuz-buloq o‘rtasidagi ko‘zlardan chiqayotgan suv. Buloq suvi muzday va shirin. Suvda baliqlar emin-erkin suzib yuribdi. Qora, qizil va boshqa tuslilari… Aytishlaricha, baliqlar buloq atrofidan hech qachon uzoq ketmas ekan…
Chindan ham ona tabiatimizning sir-sinoati, borib tomosha qiladigan oshyonlari ko‘p. Ular haqidagi bir-biridan qiziqarli afsona-yu rivoyatlar esa, undanda ko‘p…Chor chinor ziyoratgohi Samarqandning eng qadimiy joylaridan biri hisoblanadi.
Ziyoratgoh rasmlari.