Bosh sahifa » Insholar » Oybekning “Navoiy” romani haqida insho.

Oybekning “Navoiy” romani haqida insho.

by nafisa nafisa

Oybekning "Navoiy" romani haqida insho.

Oybekning “Navoiy” romani.

Reja:

  1. Asarning yozilish tarixi.
  2. Romandagi Navoiy obrazi va uning xislatlari.
  3. Romanning badiiy xususiyatlari.
  4. Oybekning  Navoiy romanidan olgan tassurotlarim.

Asarning yozilish tarixi.

Oybek Navoiy hayoti va ijodi bilan 30-yillar arafasida faol qiziqa boshladi. U shu yillarda Yazdiy, Koshifiy, Qazviniy, Muhammad Tolib, Abdurazzoq Samarqandiy, Vosifiy, Mirxond singari tarixchi olimlarning asarlarini qunt bilan o’rganishga kirishdi, lekin 20-yillar oxiri – 30-yillarda o’zbek adabiyotida avj olgan noto’g’ri qarashlar tufayli Oybekka ham qator ayblar qo’yildi.
Oybek, bir tomoni, o’ziga qo’yilgan aybdan xalos bo’lish uchun “Qutlug’ qon” romaniga oddiy kambag’al xalq vakilini bosh qahramon sifatida tanladi. Lekin romanda tasvir etilgan voqealar mantiqi shuni ko’rsatdiki, yo’lchilar tarixning burilish nuqtalarida xalq ommasiga rahbarlik ham qilaolmaydilar, ta’sir ham o’tkaza bilmaydilar. Qolaversa, 30-yillarda oddiy ishchilar va dehqonlar orasidan yetishib chiqqan davlat va mamlakat rahbarlari ham mustabit markaz oldida na el-yurt manfaatini, na o’zlarini himoya qilaolmaydilar. Shuning uchun Oybek xalqqa ham, adabiyotga ham Navoiy singari daholar kerak degan xulosaga keldi.
“Qutlug’ qon romani” hali chop etilmay turib Oybek 1940-yil 6-yanvarda “Navoiy” romani ustida ish boshlab yubordi va uni 1942-yilning qish oylarida tugatdi. Roman turli muhokamalardan o’tib,1944-yilda nashr etildi.

Romandagi Navoiy obrazi va uning xislatlari.

Ustoz Oybek o‘zining “Navoiy” romani orqali shunday o‘tgan asrlarning dahosi sanalgan Navoiyni bizga tanitmoqchi bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Ustoz Oybekning asosiy maqsadi Navoiyning ulug‘ inson, shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini yaratishdir. Oybek Navoiyning insonparvar shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini yaratish uchun asarga tarixiy shaxslar obrazi bilan birgabadiiy to‘qima obrazlarni ham kiritgan. Bular, birinchi navbatda, Navoiyning shogirdi Sultonmurod, uning do‘sti Arslonqul va uning sevgilisi Dildordir. Bular roman voqealaridan oddiy xalq vakillari sifatida ishtirok etib Navoiyning ulug‘ inson, shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini ochishga ko‘maklashadi. Husayn Boyqaro, Jomiy, Behzod, Nizomulmulk, Majididdin singari o’nlab qahramonlar esa Oybek asariga to‘ppa-to‘g‘ri tarix sahifalaridan kirib kelgan.
Muallif romanida XV asr hayoti uchun tipik bo‘lganxilma-xil voqea-hodisalar aks ettirgan, rang-barang obrazlar yaratgan. Hayot haqiqati ustalik bilan badiiy haqiqatga aylantirilgan. Bunda yozuvchi obraz yaratishda psixologik tahlildan, til imkoniyatlaridan, jumladan, har bir personajning o‘ziga xos fe’1-atvorini va individual tilini berish san’atidan unumli foydalangan. Shunga ko‘ra romandagi barcha obrazlar o‘z xarakteri va individual tili, e’tibori bilan bir-biridan ajralib, o‘zaro farqlanib turadi.Ma’lumki, badiiy asarda personaj nutqi singari muallif nutqi ham aniq va obrazli bo‘lishi, milliy tarovat bilan bezangan, davr ruhi bilan sug‘orilgan bo‘lishi shart. Asarda qaysi davr hayoti tasvirlangan bo‘lsa, o‘sha davr kishilari nutqidagi til xususiyatlari ham aks etishi kerak.
Bu jihatdan «Navoiy» romanining tili ibratlidir. Oybekshunos olim Homil Yoqubov to‘g‘ri qayd qilganidek: «Navoiy» romani o‘zbek tarixiy romanchiligi tilining shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Asar tili o‘tmish davrning jonli tilini yaratish namunalaridan biri bo‘lib qoldi, unda besh yuz yil avval yashagan tarixiy qahramonlarning tili hozirgi kitobxonlarga tushunarli qilib qayta tiriltirildi. Oybek roman tili oldida turgan bu murakkab vazifani to‘g‘ri hal qildi. Yozuvchining muvaffaqiyati shunda bo‘ldiki, u qahramonlar nutqi bilan muallif nutqi o‘rtasiga keskin chegara qo‘ymadi va tarixiy hamda zamonaviy nutqni bir-biriga uyg‘unlashtirdi.
U shaxslarning so‘zlashuvida Navoiy asridagi adabiy til koloritini saqlash, ayrim grammatik va morfologik formalarni stillashtirish bilan birga, ularni o‘zbek adabiy tilining hozirgi taraqqiy bosqichiga xos asosiy qoidalarga bo‘ysundirdi, mumkin qadar hozirgi zamon kitobxonining tushunishiga yaqinlashtirdi. Ammo shunisi borki, muallif tilining personajlar tilidan tamoman uzilib qolishi va hozirgi kunning lug‘at tarkibidagi yangiliklar bilan boyitilishi mumkin emas edi. Shuning uchun yozuvchi avtor tili bilan personajlar tili o‘rtasidagi stilistik birlikni saqlashga harakat qildi, arabcha, tojikcha va hozirgi kunda iste’moldan chiqib ketgan arxaikso‘zlarni o‘rinli ishlatdi».
Bular shundan dalolat beradiki, Navoiy obrazi kitobxon tushunadigan, uning aqli zakosi qabul qiladigan, u sevib ardoqlaydigan darajada yaqinlashtirilgan. Umuman olganda, Navoiy ijod na’munalarini: uning tasavvuf ufurib turgan doston-u, ilohiy ishqni kuylagan g‘azallarini anglab yetish, mazasidan totish uchun yetarlicha ilmga ega bo‘lish kerak va bu jihatlar oddiy kitobxon bilan Navoiy o‘rtasida ma’lum masofa hosil qiladi. Ustoz Oybek esa mana shu masofani bir muncha qisqartirgan, ya’ni Navoiyning barcha xislatlarini oddiy kitobxonga soda tilda yetkazib bera olgan.

Romanning badiiy xususiyatlari.

Oybekning Navoiy romani  personajlar tili singari muallif nutqi ham katta mahorat bilan ishlangan. Asarda Oybek jonli xalq tili boyliklari: xalq maqollari, hikmatli so‘zlar va obrazli iboralardan, shuningdek, o‘xshatish, sifatlash, jonlantirish, mubolag‘a, majoz kabi tasviriy vositalardan unumli foydalangan. Oybek o‘tmish voqeligini aks ettirish, buyuk tarixiy shaxs Alisher Navoiy obrazini yaratish, uning Vatanga va xalqqa bo‘lgan cheksiz muhabbatini tasvirlash asosida vatanparvarlik, insonparvarlik, qahramonlik va yomonlikka nafratni targ‘ib qildiki, urush davri talablariga to‘la mos kelar edi. Navoiy o‘z do‘stlariga nasihat qilib: «…har nechuk falokatni daf etmoqqa g‘ayrat qilmoq kerak…
Muborak Vatanning, el-ulusning salomatligi uchun fidokorlik ko‘rsatmoq vazifamizdir. Sizdan tilagim shuki, bir-birimizga, davlatga, yurtga vafo, sadoqat, muhabbat bilan bog‘lanaylik. Vafo va muhabbat —ulug‘ qudratdir»2,—deydi. Shoir va tarjimon A.Naumovning yozishicha, Oybek u bilan suhbatida “Navoiy” romanining yaratilish tarixi haiqda so‘zlab, unga: “Yozishdan avval men qahramonlarimni aniq tayin ko‘rganman, ular, mening xayolimda, bir paytlar tarix shudgoriga tashlangan urug‘dan o‘sib chiqqandek edilar”, -degan ekan. Adibning bu fikri nafaqat tarixiy shaxslar, balki to‘qima obrazlarga ham taalluqlidir. O‘sha suhbatdoshning yozishicha, Oybek unga yana bunday so‘zlarni aytgan: “Mening stolim ustida o‘rta asrlardagi Hirotning o‘zim chizgan xaritasi yotardi.
Men Hirotda uyqu og‘ushiga ketib, Hirotda uyg‘onar edim, faqat kechalarigina men yashayotgan Toshkent tushimga kirardi”.3Oybekning bu so‘zlari uning Homil Yoqubovning Oybek haqidagi har uchala kitobi ham, avvalo, dalillarga boyligi, tahlilning puxtaligi, ilmiy xulosalarga serobligi bilan ajralib turadi. Oybek ijodi misolida zamonaviylik va tarixiylik, an’ana va novatorlik,konflikt va xarakter, hayotiylik va badiiy to‘qima, shakl va mazmun, lirik, epik va liro-epik janrlarning o‘ziga xos xususiyatlari, ular orasidagi umumiy va farqli jihatlar to‘g‘risida atroflicha fikr yuritish mukin. Matyoqub Qo‘shjonovning «Oybek mahorati» kitobida adib mahorati ijodiy rivojlanish jarayoni, o‘ziga xos uslub masalalari bilan bog‘liq tarzda tahlil etilgan. Xususan, Oybek asarlaridagi asosiy xarakterlarning shakllanishi sinchkovlik bilan yoritilib, sujet va kompozitsiya, shakl va mazmun munosabati noziklik bilan bog‘lanishini aytib o‘tilgan. Albatta, “Navoiy”romani shunday mahoratning yorqin namunasidir.Oybekning Navoiy romani
Oybek romanda buyuk shoir obrazini yaratishda Navoiyning turkiy til va adabiyotga bo‘lgan munosabati tasviridan ham o‘rinli foydalangan. Romanda haqqoniy tasvirlanganidek, Navoiy o‘z ona tilisi —turkiyni dil-dildan sevadi. Ammo romanda Alisher Navoiyningboshqa tillarni hech bir kamsitmaganligini to‘g‘ri ta’kidlaydi. Romanda Navoiy shoir Binoiyga e’tiroz bildirib:«Biz fors tilining qudrat va ahamiyatini, u tildagi asarlaning husn va salobatini hech vaqt inkor etmadik. To go‘daklikdan boshlab fors tilida ham qalam surmoqdamiz. Ammo tilimizning afzalligi biz uchun ulug‘ haqiqatdir. Biz go‘daklikda bu haqiqatning ishqini ko‘nglimizga jo qilganmiz, o‘lganimizcha bu ishqni saqlaymiz!

Oybekning Navoiy romanidan olgan tassurotlarim.

Xulosa qilib aytganda, «Navoiy» romani o‘zbek romanchiligining ajoyib namunasi va juda katta yutug‘idir. Bu roman jahondagi rus, ingliz, ukrain, nemis, belorus, qozoq, turkman, ozarbayjon, tojik, arab, fors, eston, latish va xitoy tillariga tarjima qilingan va hamma joyda kitobxonlarga manzur bo‘lgan. Navoiy obrazi quyosh misoli ustoz Oybek qalbini yoritgan, muhabbat hadya etgan. Klassik asar namunalarining vazmin yo‘sini kitobxonga o‘zgacha huzur bag‘ishlaydi. Ayniqsa, asar tilining boyligi, ko‘rkamligi, har ikki jumla orasida chiroyli tashbehlarning uchrab turishi zavq bilan birga ilhom beradi. Ustoz Oybek tabiat manzaralari bilan qahramonlar ruhiy holatidagi o‘zgarishlarni mohirona bog‘lay olgan. Asarda uchraydigan har bir o‘xshatish nafislik ipi bilan o‘ralgan.
Buni, albatta, bosh qahramon ijodining jozibasi bilan bog‘lasak bo‘ladi. Yozuvchi asarga Navoiyni yetuk kamolot pallasida, hayotning past-u balandini, oq-u qorasini ko‘rib bo‘lgan zamonida olib kiradi, ya’ni Navoiyning bolalik, o‘spirinlik vaqtini emas o‘rta yoshdan og‘gan mahali tasvirlanadi. Bu bilan kitobxon tasavvurida Oybek ulug‘, do‘st-u yor va xalq muhabbatiga sazovor bo‘lgan, ijod ahliga homiy, har ishda adolatli, nozik bir qalb egasini sifatida gavdalantirishni maqsad qilganidandir. Asardan Navoiyning serqirra qobilyat egasi ekanligini bilishimiz mumkin.
Oybekning Navoiy romani
Olim Sultonmurod, rassom Kamoliddin Behzod, xattot Sultonali Mashhadiy, tarixchi bobo va nabiralar –Mirxond va Xondamirlar kabi turli nozik ijod yo‘lining sohiblari bilan doimiy aloqada bo‘lishi, ularga ham moddiy, ham ma’naviy rahnamoligi Navoiyning bu sohadagi bilimlaridan darak beradi. Asar qahramonlari Zayniddin va Sultonmurod tilidan: “Alisher inson fikrining barcha sohalarida keng ma’lumot sohibi emish. Tarix, falsafa, mantiqdan boshlab tirandozlikka, musiqiylikka qadar hech bir sohani qoldirmagan emish”, “Musiqiydagi mahorati uchun ijod etgan ba’zi maqomlari dalildir; u musiqiydan xabarsizlikni shoir uchun zo‘r nuqson deb hisoblar emish” kelgan fikrlar ham mubolag‘a emas, insonni hayron qoldirar darajadagi iste’dodningta’rifidir. Turkiy tilning adabiy til sifatida shakllanishi uchun buyuk jasorat ko‘rsatgan, turkiy tilda bitmas-tuganmas xazina yaratgan ulug‘ insondir.
Darhaqiqat , “Navoiy” romani o‘zining badiiy -estetik qimmati, mazmun-mohiyati, badiiy -tasviriy vositalarga limmo-limligi, voqealarning izchilligi, taixiy haqiqatning ko‘zgusi bo‘la olganligi , qahramonlarning bir-biri bilan, ya`ni to‘qima va tarixiy obrazlarning uyg‘unlashganligi bilan ham yuksak tahsin va e`tiroflarga loyiq asardir.Shu bois ham bu asr mana necha yillarki, o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgan emas, yo‘qotmaydi ham. Chunki chinakam badiiy san`at asari hech qachon o‘lmaydi. Bunday asarlarni xalq unutmaydi.
Oybekning o‘zbek mumtoz adabiyotida yorqin siymo, ulug‘ mutafakkir sanalgan Navoiy obrazini go‘zal tasvirlab bera olgan bu romani Alisher Navoiyning bizga qoldirgan nodir ijod namunalari bilan mangu yashayveradi. Qachonki romanga ko‘z tashlar ekansiz sahifalar qatidan ulug‘vor, halimtabiat shoirning nurli siymosi sizga mehr bilan boqib turadi.
Oybekning Navoiy romani

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar