Mundarija
O’zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi.
Davlat Madhiyasi haqida. Madhiyasi haqida sara she’rlar to’plami.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Madhiyasi haqidagi qaror 1992-yilning 10-dekabrida Oʻzbekiston Respublikasi Yuqori Kengashining 11-chaqirigʻida qabul qilingan. Ushbu madhiya 1992-yildan hozirgi paytgacha Oʻzbekiston Respublikasining madhiyasi hisoblanadi.
Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir deb belgilab qo‘yilgan.
Madhiya she’ri.
Abdulla Oripov soʻzi,
Mutal Burhonov musiqasi.
Serquyosh, hur o’lkam, elga baxt, najot,
Sen o’zing do’stlarga yo’ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilm-u fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Naqorat
Oltin bu vodiylar — jon O’zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati jo’sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bag’ri keng o’zbekning o’chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo’r qanot!
Istiqlol mash’ali, tinchlik posboni,
Haqsevar ona-yurt, mangu bo’l obod!
Naqorat
Oltin bu vodiylar — jon O’zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug“ xalq qudrati jo’sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Tavsiya etamiz: Bolalar uchun Vatan haqida she’rlar to’plami
Madhiyam!
Istiqlolning nishonasi sendursan,
Zulmatimda boʼlgansan nur,- Madhiyam.
Jahonlarga bitta oʼzing tengdursan,
Dunyo uzra kuylanib tur, Madhiyam!
Seni koʼkka eltadur mard oʼgʼloning,
Qilich boʼlsang, farzandlaring qalqoning.
Jahonlarga yetib borsin dostoning,
Qalam boʼlsam, oʼzing shuur, Madhiyam!
Istiqloling abad boʼlsin betakror,
Gar aytilsang, yurakni chulgʼar bahor.
Navolaring oʼzgacha berur mador,
Tillo-yu, zar, bebaho dur, Madhiyam!
Soʼzlar burro, hech kimga bosh egmaymiz,
Tegmaganga biz ham sira tegmaymiz.
Qayda boʼlsak seni faqat kuylaymiz,
Oʼzbekning bir nishoni – hur Madhiyam.
Tor dunyoni aylarsan keng boshimga,
Parvo qilma, qoʼy iztirob yoshimga.
Butun dunyo kelsa hamki qoshimga,
Boʼlgum mudom bir senga joʼr, Madhiyam!
Sarhad bilmas nomus oʼzing, or oʼzing,
Kuylar boʼlsam, qoʼlimdagi tor oʼzing.
Har damimda boʼlgan menga yor oʼzing,
Oʼzbek elga milliy gʼurur,- Madhiyam!
Osmonimga kelmas gʼubor, bor – boʼlsang,
Аrmonim yoʼq, – agar milliard yosh koʼrsang.
Senga sodiq Javohir Mirzo bilsang,
Yayra endi, qandingni sur, Madhiyam!
Zulmatimda boʼlgansan nur, – Madhiyam!
Tavsiya etamiz: Madhiyamiz – g’ururimiz timsoli haqida insho.
Davlat madhiyasi yangragan mahal.
Davlat madhiyasi yangragan mahal,
Yurtdoshim, daryoday oyoqqa qalqi.
Chunki, osonlikcha erishgan emas,
Bu baxtga jafokash, mard o’zbek xalqi.
Davlat madhiyasi yangragan mahal,
Esla, ajdodlaring shavkat-u shonin.
Tarannum etgaydir, bu buyuk g’azal,
Asl insoniylikning oliy nishonin.
Davlat madhiyasi yangragan mahal,
Tosh qotgin, ko’ksingni tog’dayin kerib.
Zero, bu baxt uchun kurashgan azal,
Ne-ne mard o’g’lonlar jonini berib.
Davlat madhiyasin yangratib ko’p bor,
Hayratga to’ldir bu keng dunyolarni.
Ruhlarin shod etgin, yod etib takror,
Mutal Burxonni-yu, Abdullolarni.
Davlat madhiyasi yangragan mahal,
O’ng qo’ling qalbingni ustida tursin.
Tinchlik qo’rg’oniga qalqon askarday,
Yuraging doim o’z rostida tursin.
Davlat madhiyasi yangragan mahal…
Madhiya — har kuni jaranglaysan.
Yosh qo‘shilsin yoshinga,
Xumo qo‘ndi boshinga,
Keng jahonda yangraysan,
Har kuni jaranglaysan.
Abdulla Orifning so‘zi,
Xalqimning ko‘rar ko‘zi,
Shanimiz g’ururimiz,
Qalbdagi sururimiz.
Dilimizda madhiya,
Tilimizda madhiya,
Bolajonlar bo‘ylashar,
Tongda seni kuylashar.
Xalqim yuragidasan.
Ezgu tilagidasan.
Omon bo‘l mangu bor bo‘l.
Elga hamroh bo‘l yor bo‘l.
Tavsiya etamiz: 10-Dekabr Madhiya kuniga tadbir ssenariysi.
Yoshlar madhiyasi.
Yoshmiz, dilimizda ezgu ahd boʻlgay,
Har yurakda shiddat boʻlgay, shahd boʻlgay!
Yurtboshimiz koʻrsatgan yorugʻ yoʻlda,
Manzilgacha yoʻldoshimiz baxt boʻlgay!
Vatan bizdan kutmoqda buyuk ishlar,
Bu ishonchdan joʻshar ishtiyoqimiz!
Bunda jamdir Barchinoy, Alpomishlar,
Koʻksi baland «Yoshlar ittifoqi»miz!
Har koʻngilni chaman etmoq uchun ham,
Gullashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Buyuk kelajakka yetmoq uchun ham,
Birlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Toʻqqiz yoshda Qurʼonni yod bilgan kim?
Eng ulugʻ muhaddis – Buxoriy bobo!
Yetti yoshida “Mantiq ut-tayr”ni,
Yod olgan kim? Bizning Navoiy bobo!
Bolalikdan asov otni egarlab,
Doim zafar quchgan Temur bobomiz!
Oʻn ikki yoshida taxtni egallab,
Yurt boshqargan bizning Bobur bobomiz!
Ajdodlardek yorugʻ yuz boʻlmoq uchun,
Nurlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Dunyo koʻrib qoʻysin biz yoshlar kuchin,
Birlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Bu kun jahon maydonida koʻp yoshlar,
Boʻlmoqdalar ajdodlarga munosib!
Ular yurtni marralar sari boshlar,
Beruniylar bosgan izlarni bosib!
Yurt bayrogʻin Kubroday mahkam tutib,
Yuksaklarga qadar uchgan yoshlarmiz!
Boradirmiz, turmaymiz baxtni kutib,
Har jabhada zafar quchgan yoshlarmiz!
Dunyo bilan barcha tilda birma-bir,
Tillashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Vatan qadrin birdamlik koʻtargaydir,
Birlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Davlat Madhiyasi musiqasi..
O’zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi mp3 << Yuklab olish >>.
Tavsiya etamiz: Konstitutsiya haqida she’rlar. Moddalariga atab she’rlar, qo’shiqlar.