Davlat granti endi 1 yilga beriladi.
Endilikda davlat granti 4 yilga bitta talabaga berilmaydi, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. Bundan tashqari, yangi tartibga koʼra, muayyan bir yoʼnalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball toʼplagan abiturient, tanlagan oliy taʼlim muassasasidan qatʼi nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Yaʼni, yuqori ball olgan yoshlar oʼqishga kirmay qolmaydi.
Endi Oʼzbekistondagi oliygohlarda davlat granti oʼrinlari eng yuqori ball toʼplagan abiturientlar oʼrtasidagi raqobat asosida belgilanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoev huzurida oliy taʼlim tizimi boʼyicha boʼlgan taqdimotda aytib oʼtildi.
Davlat rahbarining shu yil 2 fevraldagi qaroriga asosan, “Taʼlim sohasida loyihalar markazi” loyiha ofisi tuzilgan edi. Oʼtgan vaqt mobaynida ofis tomonidan vazirliklar bilan birga oʼquv jarayonlarini yangi tamoyillar asosida tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish, taʼlim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga koʼtarish boʼyicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslar ishlab chiqildi.
6 may kuni prezident huzurida oliy taʼlim yoʼnalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish boʼyicha takliflar muhokama qilindi.
Bugungi kunda bakalavriatda 306 ta yoʼnalish, magistraturada 625 ta mutaxassislik bor. Lekin ularning ayrimlari xalqaro standartlar va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos emas. Bu bitiruvchilarda toʼliq malaka shakllanishi va ularning ishga joylashishida muayyan qiyinchiliklar tugʼdirmoqda.
Shu bois taʼlimning xalqaro tasnifi, ilgʼor xorijiy tajriba asosida bakalavriat va magistratura yoʼnalishlarini qayta koʼrib chiqish hamda ayni paytda talab yuqori boʼlgan sohalarda yangi yoʼnalishlar ochish boʼyicha takliflar bildirildi.
Keyingi asosiy masala bu – oliy taʼlimga qabul tizimini yanada adolatli qilish va davlat grantlarini iqtidorga yoʼnaltirish. Hozirgi qabul tizimi, kvotalarning taqsimlanishi raqobatni toʼliq taʼminlamayapti. Аyrim abiturientlar yuqori ball toʼplasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, oʼqishga kirolmay qolishi mumkin.
Yangi tartibga koʼra, muayyan bir yoʼnalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball toʼplagan abiturient, tanlagan oliy taʼlim muassasasidan qatʼi nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Yaʼni, yuqori ball olgan yoshlar oʼqishga kirmay qolmaydi.
Yana bir yangilik: endi davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi.
Davlatimiz rahbari bu tizimni adolatli yoʼlga qoʼyish, yoshlarga va ota-onalarga yetkazish zarurligini taʼkidladi.
Malaka talablari boʼyicha ham dolzarb masalalar koʼp. Mamlakatdagi ayrim mezonlar xalqaro standartlarga va ish beruvchi talablariga toʼliq mos kelmaydi. Mehnat bozorida mavjud 8 mingga yaqin ishchi kasbdan 5 mingdan ortigʼi boʼyicha malaka standartlari ishlab chiqilmagan. Borlari ham aniq va sifatli emas.
Shuningdek, malakani baholash markazlarida sertifikatlash yoʼlga qoʼyilmagan. Milliy malaka tizimiga doir jarayon va hujjatlar Elektron platformada yuritilmaydi.
Shu bois Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil qilib, ish beruvchilar bilan birga malaka talablarini toʼliq ishlab chiqish vazifasi qoʼyildi.
– Bu aholi bandligiga bevosita daxldor dolzarb masala. Shuning uchun bu borada qonunlar ishlab chiqib, vazirlik va idoralar masʼuliyatini belgilash, ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Taqdimotda muhandislik sohasidagi taʼlim sifati ham tahlil qilindi. Respublikada yiliga 3 mingdan ziyod sanoat korxonalari tashkil etilib, 146 ming ish oʼrni yaratilayapti. Ularda yiliga 25 mingdan ziyod muhandis va texnologlarga ehtiyoj bor.
Bu yoʼnalishda 33 ta davlat oliygohida kadrlar tayyorlansa-da, taʼlim sifati talab darajasida emas. Ilgʼor xorijiy universitetlarda allaqachon toʼxtatilgan ayrim fan va mutaxassisliklar hali ham oʼqitilmoqda. Oʼquv reja va dasturlarining qariyb yarmi mehnat bozori va xalqaro standartlarga javob bermaydi.
Mutasaddilarga ushbu taʼlim yoʼnalishida keskin oʼzgarish yasash boʼyicha koʼrsatmalar berildi.
Tavsiya etamiz: Abituriyentlarga yangilik