Bosh sahifa » Insholar » Ona tili – milat ruhi mavzusidagi rejali insho

Ona tili – milat ruhi mavzusidagi rejali insho

by nafisa nafisa

Ona tili - milat ruhi mavzusidagi rejali insho

“Ona tili – milat ruhi” insho.

“O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”.

Abdulla Qodiriy

Reja:

  1. Til millatning ajralmas qismi.
  2. Tilning ahamiyati.
  3. Til maʼnaviyat sarchashmasi.

Tarix guvohki, mana bir necha ming yillardan beri ona tilimiz hanuzgacha o‘zining   ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. O‘zbek tilining eng ahamiyatli jihati shundaki, u shunday shirali, har bir quloqqa xush yoqadi, eshitgan inson entikib ketadi. Jonajon tilimiz, shoir Mirtemir aytganidek, yoshligimizdanoq jon-u qulog‘imizga singib ketgan. Onalarimiz aytgan allalari-yu, bobo-buvilarimizdan eshitgan ertak, hikoya, rivoyat va masallar orqali yuragimiz tub-tubigacha kirib borgan, o‘z navbatida ona tilimizga, ona vatanimizga muhabbat uyg‘otgan.

O‘zbekistonning har bir fuqarosi o‘z ona tilisini sevadi, uni hurmat qiladi va eʼzozlaydi. Chunki aynan shu til orqaligina har qanday millatning qay tarzda yashayotganligini, rivojlanayotganligini, yoki aksincha, orqada qolayotgan va qashshoqlashib borayotganligini bilishimiz mumkin. Shuning uchun ham bejizga: “Til – millat ko‘zgusi”, – deyishmaydi.

Til – milliy davlatchiligiga ega bo‘lgan har bir xalq suverinitetining muhim belgisi, millat ma’naviyatining ajralmas tarkibiy qismidir. Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 4-moddasida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.

Brinchi prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimiz hali mustaqillikka erishmasidanoq istiqlol sari muhim qadam qo‘yildi: 1989 yil 21 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu hujjat ona tilimizning qadrini mustahkamlash, faxr-iftixorimiz, g‘ururimiz timsoli bo‘lgan o‘zbek tilining mavqeini yuksaltirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi uning mavqeini oshirib, qo‘llanish doirasi va rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi, – davlat tilining ahamiyatini targ‘ib qilish, ish va hujjatlarni davlat tilida yuritishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Til haqida eng chiroyli she’rlar to’plami

Shu kunlarda tashkilot va muassasalar, o‘quv yurtlari, mahallalarda til bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.O’zbek tilining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan an’anaviy konferensiyalar tashkil etilmoqda. Umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, “Ona tili – davlat tili”, “Odob boshi – til” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazilayotir.

Til – millat ko‘zgusi, ma’naviyat sarchashmasidir. Shu bois ona tilimizni hurmat qilish, uning boy imkoniyatlarini o‘rganish barchamizning asosiy burchimiz bo‘lishi lozim.

Yozuvchi va shoirlarimiz tilimiz haqida ko‘plab purmaʼno hikmatli so‘zlarni aytganlar va tilni turlicha taʼriflaganlar. Abdulla Oripov o‘zbek tili yo‘qolsa, to‘tiga aylanib qolishini, Erkin Vohidov ona tilimiz o‘lmasligini bot-bot taʼkidlaydi. Rasul Hamzatov esa ona tilisi yo‘qolsa, hatto o‘limga ham rozi ekanligini qalamga oladi.

Ona tilimiz hisoblanmish o‘zbek tilini maqtab, uni madh etib, hattoki shu mavzuda qasidalar yozib, qalam tebratgan shoir-u shoiralarimiz nihoyatda bisyor. Masalan, qalami o‘tkir shoir Rauf Parfining:

Hayhot, toptaganda arab-u mo‘g‘ul,
Hayotingning zanjirli yili.
Boshdan ne kechirding mardona o‘g‘il,

O‘zbek tili, o‘zbek tili, – deya aytilgan yuqoridagi sheʼrida yurtimizni ko‘chmanchilar istilo qilganda ham, garchi bosib olib, o‘z tili, mafkurasini o‘rnatishga harakat qilgan bo‘lsalar-da, o‘zbek millati o‘zining eng qimmatli boyligi, yaʼni ona tilisini yo‘qotmaganligi aks etgan. Yoki shu voqealarning davomi sifatida Xurshid Davronning quyidagi sheʼrini keltirishimiz mumkin:

Kelib ketdi necha dunyolar,
Kuldi hayot, yig‘ladi o‘lim.
Sen deb qurbon bo‘ldi bobolar,
Ular ketdi, sen qolding, tilim.

Vatanimiz mustaqilligining maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Allohga behisob shukrlar bo‘lsinki, o‘zbek tilining shon-shuhrati, obro‘si borgan sari yildan yilga oshib bormoqda. Sport, fan, madaniyat va sanʼat sohasida O‘zbekiston yoshlarining saʼy-harakatlari beqiyosdir. Yurt kelajagi bo‘lgan biz yosh avlod o‘z harakatlarimiz  bilan o‘zbek tilini butun dunyo tan olishi, uning rivojlanishiga juda katta hissa qo‘shishimiz lozim. Shu jumladan, O‘zbekiston yoshlari qatorida men ham ona tilimiz sofligini saqlash, uni yana-da yuksaltirishga o‘z hissamni qo‘shish uchun astoydil harakat qilaman.

21-oktabr o’zbek tili bayrami uchun ssenariylar

manba

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar