Reja:
- Jaloliddin Manguberdi faoliyati.
- Jaloliddinning ozodlik uchun kurashi.
- Jasorat va vatanparvarlik ramzi.
Jaloliddin Manguberdi faoliyati.
Urganchni tark etgan Jaloliddin va Temur Malik tezda Niso shahriga yetib kelishgach, bu yerda mo‘g‘ullarning 700 kishilik kichik lashkari bilan to‘qnashadilar. Kuchlar teng bo‘lmasa-da, Jaloliddin dushmanni mag‘lub etadi. So‘ngra, Nisodan Nishopurga va u yerdan G‘azna tomon ot choptiradi. Jaloliddin G‘azna shahriga yetmasdan yaqin oradagi Hirot hokimi hamda qaynotasi bo‘lmish Amin Malik bilan uchrashadi. Ular bilan birgalikda Qandahor qal’asini qamal qilayotgan mo‘g‘ullar ustiga yurish qiladilar. Jaloliddin bu kurashda harbiy ilm tarixida ilk bora “piyoda yoyandozlar”ni mo‘g‘ullarning otliq askarlariga qarshi qo‘yadi. Inglizlar keyinchalik bu harbiy usulga yuqori baho berib, o‘zlarining “Kress” yonidagi mashhur janglarda undan foydalanishadi. Uch kunlik jangdan so‘ng mo‘g‘ullar mag‘lub etiladi. Shundan so‘ng, Jaloliddin G‘azna tomon yo‘l oladi. U 1221 yilning fevral oyida G‘azna shahriga yetib keladi. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, G‘azna xalqi sulton Jaloliddinni katta tantana bilan kutib olgan ekan. Jaloliddin Nishopur, Niso va G‘azna atrofida mo‘g‘ullarni mag‘lubiyatga uchratganini eshitgan Chingizxon bundan tashvishga tusha boshlaydi.
Jaloliddin Manguberdi G‘aznaga yetib kelganda, Xorazmshohning tarqalib ketgan qo‘shini uning atrofiga to‘plana boshlaydi. G‘aznada Jaloliddinning xizmatiga Sayfiddin O‘g‘roq Al-Xalajiy, Balx hokimi A’zam Malik, afg‘on qabilalari sardori Muzaffar Malik va qarluqlar rahbari Al-Hasan qarluq o‘z qo‘shinlari bilan qo‘shiladilar. Tarixiy manbalarga ko‘ra, jamlangan lashkarning jami soni 90-130 ming kishi atrofida bo‘lgan. Sulton bu qo‘shin bilan Voliyon qal’asi atrofidagi mo‘g‘ullarning Bekchak va Timqur boshliq qo‘shinni yakson qiladi.
Tavsiya etamiz: Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” dramasi insho.
Chingizxon bu shum xabarni eshitib, o‘zining eng ishongan lashkarboshisi Qayqur no‘yon (Shiki Xutuxu) boshchiligida 30 ming kishilik qo‘shin yuboradi. Jaloliddin Manguberdi va Shiki Xutuxu o‘rtadagi to‘qnashuv 1221 yilning yozida Parvon dashtida bo‘lib o‘tadi. Bu jangda sulton Jaloliddin mo‘g‘ullarga qarshi yangi taktik usulni qo‘llaydi. Sulton o‘z lashkariga otdan tushib, ot jilovini bellariga bog‘lashni va kamon bilan dushmanga qarshi jang qilishni buyuradi.
Tun qorong‘usiga qadar davom etgan olishuvda ikki tomonning birortasiga zafar kulib boqmaydi. Ertasi kuni Qayqur no‘yon harbiy hiyla ishlatmoqchi bo‘ladi. U dushmanni yangi kuchlar kelib qo‘shildi, deb ishontirish maqsadida kigiz va choponlar orasiga xashak tiqib, “sun’iy askarlar” yasab ularni otlar ustiga o‘tqazib qo‘yadi. Bu hiyla Jaloliddin qo‘shinini dastlab vahimaga soladi. Hatto, ba’zi sarkardalar chekinishni maslahat beradilar. Ammo, sulton og‘irlik va bosiqlik bilan avvalgi kundagi taktika asosida otdan tushib kurashishga buyruq beradi.
Mo‘g‘ullarning bir necha hujumlari qaytarilgach, Jaloliddinning buyrug‘i asosida qo‘shin chalingan karnay sadolari ostida otlarga minib, dushmanga hamla qiladi. Jangda sulton Jaloliddinning qo‘li baland keladi. Shiki Xutuxu tirik qolgan odamlari bilan Chingizxon huzuriga borib, Jaloliddin Manguberdining qanday jang qilganini so‘zlab beradi. G‘azablangan mo‘g‘ul xoqoni o‘zining barcha qo‘shinini to‘plab, shaxsan o‘zi sultonning ustiga bostirib boradi.
Jaloliddinning ozodlik uchun kurashi.
Jaloliddin Manguberdi el-yurt istiqloli uchun kurashgan, bunga o‘z hayotini bag‘ishlagan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir.
Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida unga teng keladigan ulug‘ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Bu fikrimizni donishmand alloma va odil hukmdor Mirzo Ulug‘bekning: “Olam ahli Jaloliddindan oldin ham, keyin ham bunday bahodir jangchini ko‘rmagan. Bu zotning azmu shijoati oldida hatto buyuklikning o‘zi ham ta’zim qiladi”, degan so‘zlari yaqqol tasdiqlaydi.
Sulton Jaloliddin o‘n bir yil davomida mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi 300 dan ortiq janglarda ishtirok etib, yovlarni titratib keldi. Bunday jasorat har qanday odamni ham hayratda qoldiradi.
Yengilmas sarkardaning Sind daryosi bo‘yida o‘z qo‘shinidan to‘rt marta ko‘p bo‘lgan Chingizxon qo‘shiniga mardona qarshi chiqqanini eslaylik. Yoki Isfahon yaqinidagi jangda bor-yo‘g‘i 14 nafar askari bilan mingdan ziyod mo‘g‘ul lashkarining qurshovini yorib o‘tganini yodga olaylik.
Hatto Chingizxondek sarkarda ham uning matonatini ko‘rib: “Jaloliddindek qahramon farzandi bor ota naqadar baxtlidir”, deb tan berishga majbur bo‘lgan.
Tavsiya etamiz: Vatan himoyasi – muqaddas burch haqida insho.
Sulton Jaloliddin jangovar faoliyati bilan nafaqat o‘z yurtini, balki dunyodagi o‘nlab mamlakatlarni ham mo‘g‘ul hujumidan himoya qilganini jahon ahli e’tirof etadi. Butun umri urushda o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, u og‘ir va murakkab davrlarda ham ilm-ma’rifat homiysi sifatida masjid va madrasalar, karvonsaroylar, qal’alar, yo‘l va ko‘priklar qurdirgan.
Taqdirning qaltis sinovlarini mardona yengib o‘tgan, 32 yoshda halok bo‘lgan azamat ajdodimizning hayot yo‘li, shaxsiyati va jasorati barchamizga aslo eskirmaydigan bir haqiqatni uqtiradi:
Vatan ozodligi, Vatan manfaati yo‘lida birlashib, mardi maydon bo‘lib kurashga bel bog‘lagan xalqni hech qanday kuch hech qachon yenga olmaydi.
1999-yil noyabrda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligining keng nishonlanishi, uning vatani Xorazmda unga mahobatli haykal o‘rnatilinishi, yurtboshimiz ta’kidlaganidek “G‘anim oldida bosh egmagan, tiz cho‘kmagan. Vatan deya halok bo‘lgan” milliy qahramonimizga xalqimizning ehtiromi, muhabbati, ajdodlar xotirasini muqaddas saqlashi ramzi bo‘lib qoldi.
Jaloliddin Manguberdi jasorat timsoli.
Jaloliddin Manguberdi (Mankburni) xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni qaror toptirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi 1998 yil 24-sentabrda 408-sonli maxsus qaror qabul qildi. Ushbu qarorga muvofiq buyuk sarkardaning tavallud to‘yi keng miqyosda nishonlanishi qayd qilib o‘tildi. Yubiley munosabati bilan Urganchda sarkardaga ulkan memorial yodgorlik o‘rnatildi, O‘zbekiston Respublikasi FA Tarix va Sharqshunoslik institutlari, Xorazm Ma’mun akademiyasi, bir qator Oliy o‘quv yurtlari, turli jamg‘armalar mutaxassislari tomonidan ko‘plab risolalar chop etildi, mohir rassom T. Quryozov tomonidan sarkardaning portreti yaratildi, “Jaloliddin Manguberdi-Vatan, yurt himoyachisi” mavzuida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi va eng muhimi Prezident I. Karimov boshchiligidagi hukumat va parlament a’zolari, chet ellik mehmonlar, yurtimiz mehmonlari ishtirokida ulkan teatrlashtirilgan tamoshalar bo‘lib o‘tdi.
Jaloliddin Manguberdi tarixda jasorati va vatanparvarligi bilan nom qozongan. U Vatan ozodligi yoʻlida mislsiz qahramonlik koʻrsatib, millatni hurriyat sari ruhlantirgan jasur sarkarda sifatida ehtiromga loyiq.
Jaloliddin siymosi afsonaga aylanadi, unga yozuvchi Vasiliy Yanning “Mardlik qanotlarida” ertak-qissasi va boshqa asarlar bag‘ishlangan. Jaloliddin Manguberdi “milliy qahramon” lardan biri. 1999 yili mamlakatimizda Jaloliddin tavalludining 800 yilligi keng nishonlangan. О‘zbeksitonda unga atab bir nechta haykallar о‘rnatilgan, Xorazm viloyatida Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan memorial majmua qurilgan.
1999 yil Jaloliddinning 800-yillik yubileyiga bag‘ishlangan 25 sо‘mlik yubiley tangalar muomalaga kiritilgan.
2000 yilning 30 avgust kuni “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta’sis etilgan. Bu orden bilan mamlakat mustaqilligini, Vatan sarhadlarini, ona yurt tuprog‘ini himoya qilishda hamda uni kо‘z qorachig‘iday asrashda yuksak harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat namunalarini kо‘rsatgan, davlatning mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan
hissa qо‘shgan qо‘mondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilar mukofotlanadilar. 2003 yilning 22 avgust kuni ushbu orden bilan Xorazm viloyati mukofotlangan.
Jaloliddin Manguberdi jasorat timsoli.
Tavsiya etamiz: 14-yanvar Vatan himoyachilari kuniga bolalar uchun she’rlar.