Tursun Ali she’rlari haqida
Tursun Ali (O’rmonov) 1952 yil 5 fevralda Farg’ona viloyatining Quva tumanidagi Toshyo’li qishlog’ida tug’ilgan. ToshDU (bugungi Milliy universitet)ning filologiya fakultetini tamomlagan (1981).Uning dastlabki she’rlari “Yoshlik bayozi”, “Yoshlik” al`manaxlarida bosilgan. Shundan so’ng, “Zangori ovoza” (1979), “Yurakdagi so’zlar” (1983), “Yorug’ kunlar” (1986), “Iztirob ostonasi” (1983), “Tun tovushi” (1993), “Yolg’izim” (1995), “Uyg’oq sukunat” (1999), “Tuyg’ular rangi” (2001, “Saylanma”), “Sokin hayqiriq” (2005), “Oy yaprog’i” (2008), “Gullayotgan yurak” (2009) nomli she’riy to’plamlari nashr qilingan.
Tavsiya etamiz : Tursun Ali tarjimai holi >>
Yo’l bo’lsin, birodarim — Chumoli?
Yelkangda — tog’dek yuk…
Suyaklarim qisirlar mening-da.
2
Ey, yovvoyi sahro,
sevaman sening
o’rkach-o’rkach barxanlaringni.
Ko’zlarimga qum sochgan o’sha
dovullaring ham…
Zero, bag’ringda
qofiyaga,
vaznga,
ohangga solinmagan
ne-ne sirli qo’shiqlar yashar.
3
Tog’ ko’ksidan sobit xarsangni
nogahon ag’darib yuborar bo’ron…
O’kirib yuborar tog’ shunda ilkis,
so’ng… mung’ayib qolar bechora.
Unga to’zim bergin o’zing, Xudoyim!
4
Qishloq.
O’ydim-chuqur yo’l.
Pichan ortgan arava o’tar imillab.
G’aram tepasida —
panshaxaga suyangan oydek ayol.
Arava tortar mayda qadam-la eshak.
Yetaklar ko’zlari kirtaygan erkak.
Ko’z o’ngimdan… ertak emas,
hayot o’tayotir g’ichirlab.
5
Umid kapalagi ko’ngildan uchdi.
Bilmasman,
qaerga qo’nar u…
Balki qo’nar tili uzun olovga!
6
O’tib borar shundoq yonimdan
yelkasiga
xazon yaprog’i qo’ngan odam…
Cho’kib qolgan toqqa o’xishr u.
7
Axiyri kelding-a, sadag’ang ketay Bahor!..
Kecha ninachining to’yiga borib
tun yarmida qaytdim kulbamga sarmast…
8
Tun. Kezinar Oy ko’kda tanho.
Kun. Quyosh ham balqiydi yakka.
Yolg’izlik ichinda yolg’izman…
9
Bog’da —
so’lg’in maysalar orasida
hakka cho’qigan naqsh olma yotar
qumursqaga talanib…
Qo’qqis sanchib qolar yuragim.
10
Ezilib-ezilib yog’di-ku yomg’ir,
yer ustiga chiqdi chuvalchanglar ham.
Biroq… qani tuproq qa’riga ketganlar, qani?!
Ruhim uzra yog’a ketdi savol yomg’iri…
Tavsiya etamiz : Tursun Ali tarjimai holi >>
11
Kuzgi daraxtlar, o,
shum taqdir qaqshatgan sho’rlik kimsani
eslatar menga…
12
Yuragim sahnida
bir dor tiklaganman –
Bot-bot
shu dor tagiga o’zimni
sudrab kelaman o’zim…
13
Shu tunda
kuz shamolidan qulagan daraxt,
voajab,
yodimga soldi
uzoq yili
dunyoni tark etgan do’stimni…
14
Rayhon, buncha bo’ylaring shirin!
Bilmasman, shabboda qaylarga eltib,
kimning dimog’iga tutgaydir seni…
15
Qulog’ingga bir so’z aytmog’im kerak,
sen bo’lsa yashirinib olibsan quduqqa.
Oy, qaerdan olding buncha hayoni?!
16
Shitir etgan sasdan uyg’ondim —
oy nurida xazon yaprog’i
qovjiroq shoxchada yulqinar
yiroq osmon sari
hadeb bo’ynin cho’zib…
17
Dardlarimni buloqqa aytsam,
xo’rsinib dedi u:
«Beri kel,
nahot ko’rmayapsan
ko’zdan oqayotgan yoshlarim?!»
18
Qurigan og’och yelkasida
bir qushcha o’ltirar — yig’loqi.
Shundoq ro’parasida esa
chorlab turar uni
gurkiragan daraxt.
19
Zim-ziyo tun.
Suratingga boqaman uzoq…
Yuragim anordek sitilar-da,
donalari shu tun qa’riga
sochilib ketadi yulduzga do’nib…
20
(Yapon shoiri Kyoraydan)
Do’stlarim, bu qanday hol?!
Gullagan olchaga termular odam,
Yonboshida — keskir qilichi…
21
(Yapon shoiri Tiyodan)
Tunda chirmashibdi chirmovuq
Qudug’im paqiriga…
Suv so’rayman endi hamsoyadan!
22
Yo’l — olis!
Qarshimda… sarobdek jimirlar Olam,
Ortimdan… angrayib boqar Chumoli. Tursun Ali she’rlari
Tavsiya etamiz : Tursun Ali tarjimai holi >>