Bosh sahifa » She'rlari » Usmon Qo’chqor tomonidan yozilgan she’rlar

Usmon Qo’chqor tomonidan yozilgan she’rlar

by administrator

 

Usmon Qo'chqorTaniqli shoir  Usmon Qo’chqor  (1953-2017) (she’rlar)  Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug’ilgan. ToshDUning filologiya fakul`tetini tamomlagan (1975). «Hayajonga ko’milgan dunyo» (1982), «Akssiz sadolar» (1986), «Uyqudagi minora» (1987), «Og’ir karvon» (1991), «Chamangul» (1996), «Shirq» kabi she’riy kitoblari nashr etilgan. «Quvg’un» dostoni va «Imom Buxoriy» she’riy dramasining muallifi. Husayn Jovidning «Amir Temur» va «Shayx San’on» dramalarini, Yusuf Samado’g’lining «Qatl kuni», Anorning «Besh qavatli uyning oltinchi qavati», Sobir Rustamxonlining «Ko’k tangri» romanlari, turk va azarbayjon shoirlari she’rlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.


Tavsiya etamiz : Usmon Qo’chqor hayoti va ijodi >>

Usmon Qo’chqor she’rlar

* * *

Dunyoning
yo‘q bizdan
hamon parvosi,
Arzirmi
dardimiz to‘ksak
qorlarga…
Chorlab turganida
osmon parvozi —
Osilmak istasak
yuksak dorlarga.
Arzirmi
bahorda qaytgan qushlarga
Ko‘zlardan
yoshlarni
laysonday quysak.
Yusuf
ta’birini aytgan
tushlarga
Ishonsak,
boshlarni
ostonga qo‘ysak.
Mog‘or go‘shalarga,
arzirmi,
habib,
Hur shamol
singari
hur-hurlab borsak.
Adirin
tanigan
turnalar kabi
Zaminga tushmay
qur-qurlab yuborsak.
Qora bulutlarni
yashinday yorib
Chamanga tikilmoq
farz emasmi, ayt.
Umidni
xunbor
ko‘z yoshinda qorib,
Vatanga
yiqilmoq
arzimasmi,
ayt…

* * *

Juldur bulutlardan muztar bir tunda
Pichirlab badduo qiladi kohin.
Buzib yubormoqni istar gardunda
U Yer bilan Oyning nikohin.

Bulut choklab qo‘shiq aytar Oy,
Qo‘llarida tilla juvoldiz:
«Oyqizga uvoldir,
Tun yomon chuvaldi.
Ko‘k ko‘ksin yarasi
Qon bilan suvaldi…»

Yer chuqur xo‘rsinib qo‘ydi-da, moviy
Boshidan qop-qora ro‘yoni quvdi.
Uning ko‘ksidagi gulga samoviy
Shabnamlar ko‘z yoshdek to‘kildi duv-
duv…

* * *

Bu yo‘lda o‘ng ham tor,
So‘l ham tor,
Noo‘ng‘ay kenglikka tuzmoq qasida.
Bu kecha shu qadar quyuq,
ko‘lamdor,
Toshinib chiqadi ko‘z soqqasidan.

Men-ko‘rman,
ko‘r tundan qorayotirman,
Yolg‘iz Tangrim bilar mendan kechganin.
Dunyoni paypaslab borayotirman —
Farqlab olmoq uchun Kundan Kechani…

Tavsiya etamiz : Usmon Qo’chqor hayoti va ijodi >>

* * *

Tomosho shavqi bor edi royimda
O‘n sakkiz ming olamlaringni.
Nechun o‘rmalatib qo‘yding poyimda
Chumolidan mayda odamlaringni.

Bu o‘sha —
yo‘lidan hamisha ozg‘on,
Deb meni osiyga yo‘yding-ku doim.
Erk desam…
boshimga bu shisha qozon —
Osmonni to‘ntarib qo‘yding, Xudoyim…

* * *

Sayyoh!
Endi mendan ranjima,
Goh mag‘lub,
goh g‘olib keldim men.
So‘ramayman
sendan ganjina,
Shu joygacha
olib keldim men.

Qolganiga
omading bersin,
Bu sarhaddan
o‘tmasman zinhor…
O‘zing ketavergin,
jin ursin,
Yolg‘onning ham…
chegarasi bor…

* * *

Hisobsiz emasdir
suvi ummonning,
Yulduzlar
hisobsiz emasdir,
bolam.
Hisobda
har qiylu qoli
zamonning,
Hisobda har shodlik,
o‘kinch,
g‘am-alam.
Borar manzilimu
o‘tar ko‘prigim
Chizilgan —
xarita kabi —
kitobda.
Qay lahza uzilar
qay bir kiprigim —
Hisobda turibdi,
hisobda…

* * *

Zamin to‘zon sochar.
Osmon — alanga…
Qizarib boqadi
oftob ham ufqdan.
Quduqlar ko‘milgan…
Karvon talangan…
Shom tushar…
Boshlanar aftoda xufton…
Yolg‘iz o‘zi qoldi.
Panoh — Xudodan.
Omon qolganini
saodat bilar.
Sahroda
qiblasin
yo‘qotgan
odam
Duch kelgan
tomonga
ibodat qilar…

* * *

Ko‘zyoshda buyuk bir hikmat bor ekan,
Tasalli bor ekan dardda, yig‘ida,
Yana men bu darddan yosh to‘kdim, bekam,
Kuydim ko‘zlaringning qorachig‘ida.

Sen ketding… uzilib tushdi tomchi yosh,
Harakat to‘xtadi. Hayot to‘xtadi.
Hattoki falakda jovidon quyosh,
Endi qotib qolgan qora nuqtadir.

Dengizda nogahon tindi po‘rtana,
Bog‘larda shamollar bosilib qoldi.
Bandidan uzilgan yaproqlar, ana,
Havoda muallaq osilib qoldi.

Sen ketding… bu bog‘lar xazonga botdi,
Kezmakdan to‘xtadi — oy tortdi xira.
Falakda yulduzlar nuqtaday qotdi,
Muzdek qotib qoldi xotira…

Dunyo to‘xtab qoldi… Dunyo — qiziqmas,
Barchasin to‘xtatdi bitta ishorat.
Sen ketding… Bu umrim endi chiziqmas,
Qotgan nuqtalardan iborat…

* * *

Ummonning ostida
o‘sayotir tog‘,
Olisga cho‘zilgan
silsilalari.
Hali vulqonlari uyquda,
biroq
Titranib qo‘yadi
zilzilalari.
Eshilib raqsga tushar
suvo‘tlar,
Tog‘ tinglar
gung dunyo
ohanglarini.
Chig‘anoq keltirar
sadaf sovutlar,
Cho‘chib-cho‘chib hidlar
nahanglar uni.
Dolg‘alar goh ko‘kka
sapchir shodumon,
Goh sokin mavjlarga
aylangay yana.
Tog‘ni
silab-silab qo‘yadi ummon —
Nima tug‘ishini
bilmagan ona…

DORBOZLAR

Birida langarcho‘p,
Sayog‘i sherday.
Oyog‘i dordayu
boshi osmonda.
Birin boshi dorda,
oyog‘i yerda,
Ayoli dolonda…
Moli talonda…

* * *

Olisdan bir shamol guvlab esmoqda,
O‘tmoqda bu bog‘ning emdi yozlari.
Kunma-kun chirmovuq kabi o‘smoqda
Yurakda g‘ussaning imtiyozlari.

Mevasi sochilib yotgan bog‘larga
Xazon diyoridan kelur daraklar.
Bunday anduhlarga, bunday dog‘larga
Qandayin ko‘niksin vazmin daraxtlar.

Dunyoning vujudi borar quvranib,
Suvin tortayotir jilg‘a, soyliqlar…
Juldur kamzuliga g‘amgin o‘ranib
Falakda oy yig‘lar…
Ko‘kda oy yig‘lar…

* * *

Hayot o‘pqonidan fano arshiga
Yuksalib bormoqda mana bu odam.
Ko‘ngil xurjunidan bor ilinjlarni
To‘kib tashlamoqda keraksiz toshday.
Dunyo oyog‘idan tubanga tortar,
Xotin, bola-chaqa unga qo‘shilib…
Tangrim, sabot bergil ushbu bandangga,
Uning Sendan boshqa najotkori yo‘q.
O‘chirma dilidan umid shamini,
Quvvat ber arqonning har tolasiga…
Yengillashib borar yuksalgan sari,
Har bir nafasini qilur nazorat.
Yuragi billurdek tozarib borar,
Yuzlari lovullar ishq sharobidan.
Ollohim, betakror O‘z nuring ila
Uning nigohini rom et chunonkim —
Qulab tushmasligi uchun vahmdan —
Yerga qaramasin, ishqilib…

* * *

Orzu qilmagandik
bu xor jasadni,
Ruh ila
ko‘klarga bog‘langan edik.
Tangri
anglamabdi
bizning maqsadni,
O‘zga olamlarga
chog‘langan edik.
Oh, sho‘rlik yerliklar…
G‘ami arimas,
Tushiga sut,
pishloq,
urlar kiradi.
Bizning tushlarga-chi,
qora yer emas,
Shu’lalar kiradi,
nurlar kiradi…

* * *

Quyoshsiz, havosiz hayot yo‘q deya
ta’lim berar edi olimlar.
Yaqinda ummonning qa’rini
Ko‘rsatishdi televizorda.
Oftob shu’lalari hech qachon
Yetib bormas tubanliklarda,
Havosi yo‘q sovuq muhitda,
Favvoradek otilib yotgan
Oltingugurt og‘ularida,
Har qanday suv osti kemasin
Pachoqlab qo‘ygudek bosim ostida
Jonivorlar o‘ynab yuribdi
Bir-birin quvalab bemalol.
Demakki,
Quyoshsiz, havosiz mavjud ekan to —
Isloh qilishimiz kerakdir balki
Hayot haqidagi tushunchamizni…

* * *

O‘n beshinchi asrdan beri
Tanazzulga uchragan tog‘lar,
Qop-qorong‘u yuho jarliklar,
lashkarlarning qilich-qalqoni
Zanglab tuproq bo‘lgan adirlar,
Oqsoch tog‘ni sho‘r dengizlarga
Bog‘lab yotgan holsiz daryolar
Uzra yelib kelgan bu shamol
Bugun mening yelkamga qo‘ndi.
Kalxat quvgan chumchuq singari
Potirlardi uning yuragi.
Qo‘rquvdanmi, xorg‘inlikdanmi —
Yumilib-yumilib ketardi xuddi
Munchoqdek benajot ko‘zlari.
Mushtipar shamolim, deya men uni
Silamoqchi bo‘lgandim, nogoh
Harir qanotini silkitib
Uchib ketdi hurkak bu shamol.
Shu ketgancha endi nechanchi
Avlodimning yelkalariga
Borib qo‘nar ekan…
bilmayman…

* * *

Qop-qora
zulmoniy
bu changdan
Basharning yuziga sochdi yovuzlik.
Dunyoning o‘zidek
qadim bu jangda
Yana insoniyat
qildi yolg‘izlik.
Nasroniy mulzamdir,
o‘sal musulmon,
O‘zga qavmlar ham
qunishib kelar.
Havodan
hech qachon
ushalmas armon,
Olinmagan
xun isi kelar…

«Yoshlik» jurnalidan olindi.

TO’RTLIKLAR
c1f7ff06c8b9d5ba467d33e30bf7f694.jpg

Dunyoni o’ynatgan dastlarni ko’rdim,
Chinorlarni ko’rdim, xaslarni ko’rdim.
Osmonga ustunman debon, oqibat
Tuproq ichra yotgan kaslarni ko’rdim.

* * *

Qo’limda shukrona to’la bir sog’ar,
Tole ham goh u yon, goh bu yon og’ar.
Dardingni dasturxon qilma olamga,
Do’l yoqqan boshlarga rahmat ham yog’ar.

* * *

Olib turibsanmi dunyoda nafas,
Qilsa bo’lar shuning o’ziga havas.
Olgan nafasimiz bizniki erur,
Chiqqan nafasimiz bizniki emas.

* * *

Yaxshilik qilganni yodda tutsang bas,
Ko’chasidan o’tsang, eslab o’tsang bas.
Ming yillik bu bog’ning bog’bonin so’rma,
Ekkanu tikkanni duo etsang bas.

* * *

Bir daryo ko’rdimki, o’zani yo’qdir,
Bir sahro – ilonu kuzani yo’qdir.
Umrim libosini tikkan chevarning
Angishvonasi yo’q, so’zani yo’qdir.

* * *

Shukronaga keldik, rahmatga keldik,
Rohatga kelmadik, xazmatga keldik.
Kim osharga kelgan bu to’y dunyoga
Biz qo’l qovushtirib xizmatga keldik.

* * *

Gulga bo’ronliging namoyon etma,
Ko’nglingni har kasga ham ayon etma.
Xilvatda yosh to’kib yongil, mayliga,
Shu’langni shamolga, sham, ayon etma.

Usmon Qo’chqor she’rlar

* * *

Xokisorlik ichra mezon bo’ldik biz,
Ishqni kuylamakka so’zon bo’ldik biz.
Qaydan ham ul yorning ko’yiga tushdik,
Oqibat gard bo’ldik, to’zon bo’ldik biz.

* * *

Kimdir bu dunyoni o’pirib kelar,
Kimdir ko’krak kerib, gupurib kelar.
Yerga quloq tutib yotgan sinchiman,
Ming yil naridan ot dupuri kelar.

* * *

Qishda bir uy berdi, mo’rkoni yo’qdir,
O’ljasi mo’l dunyo, qopqoni yo’qdir.
Osmonga osilmak istadik, ammo
Arg’amchisi yo’qdir, arqoni yo’qdir.

Usmon Qo’chqor she’rlar

* * *

Dunyo molin kelib-ketarlari bor,
O’ksinma, senga ham atarlari bor.
Nafs atalmish qutqu bir balo o’t-ku,
Uning kul etguvchi xatarlari bor.

* * *

Mayliga, gar «alif», gar «yo» bo’lurmiz,
Tomchilab-tomchilab daryo bo’lurmiz.
Bor edik, ketarmiz bir kun yo’qlikka,
Yo’q edik, bir kuni paydo bo’lurmiz.

* * *

Cho’qqilarning qori erib tuganmas,
Ummonlarning suvi qurib tuganmas.
Olloh olsa, olib qololmas hech kim,
Olloh bersa agar berib tuganmas.

* * *

Qo’shquloq ko’chatni undirib kimdir,
Atirgul qiladi, rayhon qiladi.
Hatto bog’bonni ham ko’ndirib kimdir,
Gulzorni tuyadek payhon qiladi.

Usmon Qo’chqor she’rlar  sizga manzur bo’lgan bo’lsa, xursandmiz.

 

You Might Also Like

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x