Mustaqillik haqida chiroyli she’rlar to’plami – Ushbu maqolda saralangan Mustaqillik haqida chiroyli she’rlar to’plami ni taqdim etamiz.
Do’ppingizni ko’kka oting,
Orzu osmoniga yeting.
Ozod yurtni obod eting,
Bugungi kun baxtdan darak,
mustaqillik kun muborak.
*****
Madh etgancha sho’x ovozing
Qadamlarni dadil bosing,
Parvoz uzra, qanot yozing.
Yoshlardur buyuk kelajak,
mustaqillik kun muborak.
*****
O’zbek eli o’ziga bek,
Yaxshi yomon kunlar ko’rdik.
Baxt ostonasiga keldik
Bugungi kun eltar ko’prik,
Mustaqillik kun muborak.
Meni olib keting.
Tinch edi hamma yoq, tinch edi har yon,
Titradi go‘yoki yer bilan osmon.
Boshimga xastalik tushdi nogahon,
Meni olib keting o‘z diyorimga.
Issiq jon, deydilar, jon bo‘lsa bo‘lar,
Payt kelsa chechak ham sarg‘ayar, so‘lar.
Kim bilgay paymonang qay yerda to‘lar,
Meni olib keting o‘z diyorimga.
Ginam bor bu yurtning na havosidan,
Mehribon doktorning na davosidan.
Qaytarmang xastani muddaosidan,
Meni olib keting o‘z diyorimga.
Sha’nimga g‘ayurlar bir so‘z demasin,
Har kim o‘zi tortar umr kemasin.
Hech kimni mushtoqlik dardi yemasin,
Meni olib keting o‘z diyorimga.
Talpingan diyorim, u – O’zbekiston!
Sehrini aytishga bormi hech imkon!
Yo‘q, o‘zga yurtlarda berolmasman jon,
Meni olib keting o‘z diyorimga.
1981, Moskva
Abdulla Oripov
Mustaqillik va O’zbekiston,Vatan haqida saralangan she’rlar
Inju Diyor uchun
Qutlug‘ davralarda jam bo‘lgan mahal,
Do‘stlarga baxt tilash azaliy odat.
Keladigan bu yil tinch bo‘lsin avval,
Baxsh etsin har kimga oliy saodat.
Yoshlik – bu karvonning erka noridir,
Daryoday toshqindir, jilg‘a kabi sof.
Yoshlik – kelajakning xaloskoridir,
Sira tark etmasin yoshlikni insof.
Mo‘’tabar onalar – xonamiz ko‘rki,
Otalar hayotdir – yorug‘dir jahon.
Tiriklik nomiga bir o‘tinch shulki,
O’rtaga tushmasin bemahal hijron.
Inju diyorimiz ko‘z bo‘lsa agar,
Mudom omon bo‘lsin to‘garak zamin.
Boshimiz silagan shu xalq mo‘’tabar,
Daf’atan chekmasin farzandlar dog‘in.
Yangi yil sha’niga aytmoqdamiz so‘z,
Balki o‘tib ketar bir zum bu farah.
Xalqimning mehnatin aylagin ko‘z-ko‘z
Million chanoqlarda ko‘pirgan qadah.
O’zbekiston bayrog’i haqida she’rlar
O’zbekistonim, senga
Aylayin qalbimni tortiq nurli bo‘stonim, senga,
Sen vatandirsan, fidodir tanda bu jonim senga.
Bebahosan, asragayman gavharim, deb men seni,
Sen qarog‘ bo‘lsang agarda, sadqa mujgonim senga.
Sendan ayru dam uzundir, lahzalar ham yilga teng,
Bir umrga lek barobardir kerak onim senga.
Har bir ahling bitta yulduz, kavkabistonim o‘zing,
To hayotdirman, charog‘im, shu’layi shonim senga.
Yoru do‘stlar jam bo‘libdir, to‘y qilur o‘zbek elim,
Men degayman xush kelibsan, do‘stu mehmonim, senga.
Xizmatingga shay erurman, mehnatingda ham o‘zim,
Baxtiyorman, sarf etolsam borki imkonim senga.
Dilda borim sen uchundir, qo‘lda torim sen uchun,
Qayda bo‘lsam talpinurman, O’zbekistonim, senga.
Ummon ortidagi makonim
(Vashingtonda O’zbekiston elchixonasining yangi binosi ochilishi munosabati bilan yozilgan she’r)
Keng jahon bir qadam bo‘ldi men uchun,
Menga ham ochildi olam darchasi.
Yiroq Amriqoda taft sochar bu kun.
O’zbek quyoshining olov parchasi.
Ochildi men uchun tor osmon bekam,
Kezdim yuksaklikning cho‘ng darg‘asini.
O’zbekning lochini ozod va ko‘rkam,
Qurdi bu yerda ham qo‘nalg‘asini.
Nechun xushnud bo‘lmay, dilimni yormay,
Ummon ortida ham bordir makonim.
Dunyoning qaysi bir burchiga bormay,
O’zing boshpana bo‘l, O’zbekistonim!
Zoʻr sherlar ekan lekin menga mustaqillik kuni uchun hech kim yodlangan sher kerak