Bosh sahifa » Insholar » 1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni: OIV va OITS

1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni: OIV va OITS

by nafisa nafisa

1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni: OIV va OITS

OITSga qarshi kurash.

Jahon hamjamiyatini ogohlikka chaqirish, aholining orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) haqidagi xabardorlik darajasini oshirish, shuningdek, bu dardga chalingan insonlarga tibbiy, moddiy va ruhiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida 1988 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan har yilning 1 dekabr sanasi Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni deb e’lon qilingan.

BMTning OITSga qarshi kurash tashkiloti (UNAIDS) tashabbusi bilan joriy yilda bu sana “Xalqaro hamjihatlik, umumiy mas’uliyat” shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Har yili 1 dekabr sanasi an’anaviy ravishda «OITSga qarshi butunjahon kurash kuni» sifatida nishonlanadi. Bu sanada OITS bilan og‘riganlarni qo‘llab-quvvatlash, xastalik alomatlari, undan saqlanish bo‘yicha ogohlikni oshirish masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsad qilinadi.

Mazkur kun sog‘lom hayot tarzini ilgari surish borasidagi eng muhim kunlardan biriga aylanib, kasallikning jadallashishini to‘xtatib turish va oldini olish bo‘yicha xizmatlardan foydalanish imkoni endilikda yanada ko‘proq insonlarda mavjudligini eslash uchun yaxshi imkoniyatdir.

OITSga qarshi kurash.

 

OIV infeksiyasi va OITS kasalligi nima?

Uning inson organzmi uchun zarari qanday namoyon bo‘ladi?

─ OIV (odam immuniteti tanqisligi virusi) surunkali yuqumli kasallik bo‘lib, inson organizmida butun hayoti davomida saqlanib qoladi. U organizmni tashqi xavfli ta’sirlardan himoya qiluvchi tizim ─ immun tizimini izdan chiqaradi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, virus organizmga tushgan dastlabki davrda hech qanay noxush alomatlar sezilmaydi, immun tizimi viruslarning tajovuzini bostirib turadi. Odam virusni yuqtirib olganidan boshlab 10 yilgacha o‘zi kasal ekanini sezmaydi. Bu davrda organizmda OIV viruslari bilan kasallangan hujayralar soni sog‘lom hujayralarga qaraganda oshib boradi, natijada OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) kelib chiqadi. Bu surunkali tarzda kechuvchi tizimli xastalik. U faqat bitta organni zararlaydi, deb tushunish xato. Organizmning viruslar bilan mahv etilishi natijasida immun tizimi o‘z vazifasini bajara olmaydi, natijada inson har qanday tashqi ta’sirga sezuvchan bo‘ladi, oddiy kasalliklarni ham og‘ir kechiradi. Organizmning kurashuvchanligi yo‘qolgani bois yondosh kasalliklar rivojlanib boraveradi. OITS sababsiz uzoq davom etuvchi yo‘tal, qisqa vaqt ichida keskin ozib ketish, harorat sababsiz ko‘tarilishi, uzoq vaqt ich ketishi (diareya), og‘iz bo‘shlig‘i va turli a’zolar yallig‘lanishi, xavfli o‘smalar rivojlanishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi.OIV infeksiyasi OITS kasalligi 

OIV infeksiyasi yuqish yo’llari.

Undan himoyalanish uchun nimalarga diqqat qaratish lozim?

─ UNAIDS (BMTning OIV/OITS bo‘yicha dasturi) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha ayni kunda 37 mln kishi OIV infeksiyasi bilan kasallangan. Kasallik ko‘pincha 20-49 yoshlilar o‘rtasida qayd etiladi. Bu xastalikning uzoq vaqt yashirin tarzda kechishi, natijada bemorning o‘zi bilmagan holda boshqalarga ham kasallikni yuqtirishi bilan boqliq.

OIV infeksiyasi OIV bilan zararlangan shaxs bilan himoyalanmagan jinsiy aloqa qilganda, giyohvand moddalarni guruh bo‘lib tomir orqali qabul qilganda, virus bilan zararlangan, tekshirilmagan qon va uning tarkibiy qismlari quyilganda, zararsizlantirilmagan jarrohlik, doyalik, stomatologik va boshqa tibbiy asboblar orqali muolajalar olganda, shprits va ignalardan umumiy foydalanilganda, infeksiyani yuqtirib olgan homilador onadan bolaga homiladorlik davrida jarohatlangan yo‘ldosh orqali, bola tug‘ilishi jarayonida tug‘uruq yo‘llari jarohatlanishi tufayli va bolani emizish jarayonida ona suti orqali yuqadi.

 OITSni davolash choralari.

─ Bugungi kunda OIV infeksiyasini yuqtirib olgan odamning umrini sog‘lom odamning umrichalik cho‘zish mumkin. Bu muolaja virusni to‘liq yo‘q qilmasa ham, uning bemor qonida ko‘payib borishiga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni qonda viruslar soni kamayib, immunitet kuchayadi, virusga qarshi kurashuvchi hujayralarning soni ortib, bemorning ahvoli yaxshilanib boradi.

─ O‘zida OIV infeksiyasining mavjudligini gumon qilgan shaxs kimga murojaat qilishi lozim?

─ Har bir inson o‘zida shubhali holatlarni sezgan taqdirda ixtiyoriy ravishda tekshiruvdan o‘tishlari mumkin. Buning uchun har bir viloyatdagi OITSga qarshi kurashish markazlari va tumanlararo OITSga tashxis qo‘yish laboratoriyalariga murojaat qilish lozim. «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan tekshiruvlar tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsning xohishiga ko‘ra maxfiylikka rioya etilgan holda amalga oshiriladi. OIVga tekshirish natijalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar vrach buni sir saqlashi kafolatlanadi. Shu bois tekshiruvlardan o‘tishdan qo‘rqmaslik kerak.

OITSga qarshi kurashga yo‘naltirilgan davlat dasturlari.

─ OITSga qarshi kurashga yo‘naltirilgan davlat dasturlari asosida tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, bu esa OIV infeksiyasining parenteral yo‘l (in’yeksion muolajalar orqali) bilan yuqishi ko‘rsatkichini kamaytirdi. Infeksiya onadan bolaga yuqishining oldini olish bo‘yicha ham ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni, har bir ayol homiladorlikning o‘n to‘rtinchi haftasidan joylardagi tibbiyot muassasasi tomonidan nazoratga olinib, OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. OIV infeksiyasi aniqlangan homilador ayolga belgilangan muddatdan tug‘ruq amalga oshirilgungacha virusga qarshi maxsus profilaktika dori vositalari beriladi. Tug‘ilgan bolaga ham bir oy davomida virusga qarshi profilaktik dori preparatlari beriladi. Buning natijasida kasallik onadan bolaga yuqishi ko‘rsatkichlari keskin kamayishiga erishildi. 2013 yilda OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishi 2,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 0,3 foizga teng bo‘ldi. Ayni vaqtda O‘zbekiston OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqish holatlaridan ozod hudud sifatida sertifikat olish arafasida turibdi.

«Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasiga muvofiq, turmush qurmoqchi bo‘lgan yoshlar OIV infeksiyasi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi, agar ularda kasallik aniqlansa, dispanser nazoratiga olinadi.

Biz yoshlar OITS va giyohvandlikka qarshimiz

manba

 

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar