Bosh sahifa » Sherlar » Halima Xudoyberdiyeva she’rlari va she’riy to’plami. Ijodi

Halima Xudoyberdiyeva she’rlari va she’riy to’plami. Ijodi

by administrator

Halima Xudoyberdiyeva she’rlari

Halima Xudoyberdiyeva she'rlariHalima Xudoyberdieva 1947 yil 17 mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug’ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1992). ToshDUning jurnalistika fakul`tetini tugatgan (1972). «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog’larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiq qor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Yuragimning og’riq nuqtalari» (1991), «Xo’rlik o’ti» (1993), «Bu kunlarga yetganlar bor» (Saylanma, 1994), «To’marisning aytgani» (1996), «Saylanma» (2000), «Yo’ldadirman» (2005) va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan. T. Minnullinning «Alla» p`esasi shoiraning avtorlashtirilgan tarjimasida O’zbek milliy drama teatri sahnasida ko’yilgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1990).

Halima Xudoyberdiyeva tarjimai holi >>

Boshqa she’rlar to’plami >>

Quyida siz Halima Xudoyberdiyeva she’rlari bilan tanishasiz.

YURAGIMDA BARGLAR SHIVIRI

O’z dunyom ichida bog’larni yaratdim.
So’lib bitdilar.
Tafakkur kuchidan tog’larni yaratdim.
Nurab ketdilar.
Bog’larim o’rnida xazonlar, supurdim,
Barg, xazon.
Tog’larim o’rnida tepalar, jim turdim.
Dilda qon.
Kuydim men, ammo kul bo’lmadim, qaytalab
Tuproqqa to’kdim men, manglay ter, dil qonim.
Maysa, ko’k maysalar unda zap,
O, jonim!
Qiynading deysanmi, to’g’ri-ku,
O’ylasang menda ham gunox yo’q,
Shu kichik yuragim bo’lsa quv,
Yashasak beg’alva, ko’ngil to’q.
Begona tashvishu jabrga,
Uyquda o’tsa ham umr bir kun
Ketmoq shart so’nggi uy-qabrga.
Shunday, ha, mahkam bo’l, sen jonim.
Yelkaga
Hali ko’p yuklarni yuklarmiz,
Ko’p xazon bog’larni tiklarmiz,
Ko’tara olmasmiz yukni goh,
Va yoki tuyg’umda qular tog’.
Shunda yana yangidan
Tafakkurda tog’lar yaratishimiz,
So’lgan bog’lar o’rnida yashil-yashil,
Daraxtlari shovullab turgan bog’lar yaratishimiz kerak,
O, mening qattiq jonim!
Ishonamanki,
Sen chidab berasan bu talablarga jim.
Yuragimda barglar shivirlayotganga o’xshaydi,
Demak,
Yaratilajak bezavol bog’larimning
Ilk nihollari kurtak yozayapti,
Bog’lar gurkirab qad ko’tarayapti yuragimda,
Barglari yashil-yashil bog’lar…

1967

DORILAMON KUNLAR KELDI...

Onaginam!
Dorilamon kunlar kuldi, shafakdari ol,
Qayon boqsang, shaylanishlar va sozlashlar tor.
Olcha gulin ko’zlaringga surtasan behol:
«Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor».
So’lg’in-so’lg’in lablaringdan ucharkan shu so’z,
Otaginam xayolimda rostlay boshlar qad.
Dorilamon kunlarga qayt, onam, yumib ko’z,
O’ksik dilda boshlanmasin desang qiyomat.
Bu tabiat suyumlidir ham ko’zlari ko’r,
Goh sharobdan, goh og’udan qilar bizni mast.
Belginangga tirgak bo’lay, onajonim, tur,
Dorilamon quyoshga boq, unga qasdma-qasd.
Yuzing ardoqli quyoshday issiq va mahvash.
Ko’zlaringda umid yonar tikilgan oni,
Qorli kunlar bilan ketsin dilingdagi g’ash,
Qizg’ish, lola rang qoplaydir bu kun dunyoni.
Bu dunyoning qir-darasin xosiyati mo’l,
Yerni yalang oyoq bossang yayraydi taning.
Yashamoq — bir tansiq taom, unga ursang qo’l,
Borgan sari ochiladir ishtahang saning.
Bog’lardagi yetilgusi har mevali shox,
Rizqdir bizga, rizqqa doim dil ilinjliqdir.
O’g’lonlaring kelar, ana, ochishib quchoq,
O’g’lonlaring meva qadar bir shirinlikdir.
Onaginam!
O’zing tortma davralardan, el chorlaganda,
«Tiriklikning bayrami», deb sozlanganda tor.
O’zing so’lg’in lablar bilan pichirlaganday:
«Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor».

1967

* * *

Siz topmishim, yo’qotmishimmas,
Sor lochinim, ojiz qushimmas.
Siz dunyoda rost deb tutganim —
Tutolmagan yolg’on tushimmas.

Sizga fido bo’lmoq istayman,
Siz deb ado bo’lmoq istayman.
Asta-asta yo’qotmay Sizni,
Birdan judo bo’lmoq istayman.

Tarang tortmoqda simlar, ayting, —
Xayollarga tolsinlar, ayting.
Siz — jon, olsa jonim qiynamay,
Birdaniga olsinlar, ayting.
Siz topmishim, yo’qotmishimmas…

1967

BIZ OLMAMIZ

Biz olmamiz shoxlardagi, to’kmasinlar, aytingiz,
Daryo bo’lar ko’z yoshimiz, cho’kmasinlar, aytingiz.

G’o’rmiz hali, aytingizki, g’o’r mevani uzmaylar,
Go’dakning ham tonggi shirin uyqusini buzmaylar.

Aytingizki, yana, bizlar endi qo’shiq boshladik,
Eshitsinlar axir uni quloq berib odamdek.

Qo’shig’imiz tinayotgan u qalblarni etar rom,
Esga tushar oydin kecha, oq yuzli qiz, sarxush jom…

Chalg’ingizni charxlab qo’ying, bizning qo’shiq charxlog’liq.
Bundan so’nggi hayotimiz o’sha qo’shiqqa bog’liq.

Kuylamoqqa qo’yib bering, kuylay olmasak jo’shib,
O’rib oling bizlarni ham, o’sha qo’shiqqa qo’shib.

Biz olmamiz shoxlardagi, to’kmasinlar, aytingiz…

1971

MEN SEN BILAN XAYRLASHGAN TUN

Men sen bilan xayrlashgan tun qaro edi, qaro edi,
Tun bag’ri but, mening bag’rim yaro edi, yaro edi.
Tun bag’rida qolsin derdim, ko’rmasinlar, ko’rmasinlar,
Ko’rib birov rostu birov ro’yo tomon burmasinlar.
Tilimga-ku ishonchim bor, itoatsiz so’lsa rangim,
Men tinglarman yulduzlarning sukutinmas, sho’x jarangin,
Yarqiroq oy shu’lasida tol-tol bo’lib eshilarman,
Xushbaxt do’stlar davrasiga o’zim urib, qo’shilarman
Va achchiqma-achchiq turib, baxtga qarshi, baxtki barbod,
Baxtlilardan shiddatliroq kuylarman shod, kuylarman shod.
Aminmanki, avjim bilan shu birinchi davradayoq
O’zimga tong yaratarman, tongim mening otar oppoq,
Tunda qolar dardim mening, nurlar chayar yuzlarimni,
Unutishning seli yuvar, dilning armon, izlarini.
Achchiq o’ylar to’zonidan o’zni olib chiqib ketib,
Bir gul yanglig’ ochilarman nur qo’ynida javlon etib.
Kim ham bilsin, so’kilgan dil choklarining bitmog’ini,
Ba’zida gul hasratlardan ortiq yashnab ketmog’ini.
Men sen bilan xayrlashgan tun qaro edi, qaro edi.

1973

BUL KUN KIMDIR O’YNASA

Bul kun kimdir o’ynasa
Dog’ ustida o’ynaydi.
Dog’-daraxti zardob rang
Bog’ ustida o’ynaydi.

Bu tuproqqa ishonch-la
Oyoq bosib bo’lmagay,
Qumlari tirqiragan
Qumloq ustida o’ynaydi.

Bul kun tuhmat — tog’day tik,
Bul kun ig’vo — ko’p ulug’,
«Bul qaro-ku, qaro» deb
Oq ustida o’ynaydi.

Har qadamda g’or, qopqon,
Qurbon topqoni topqon,
Yuztuban tushgan munkib,
Hamroh ustida o’ynaydi.

Muqom-la yangi-yangi
Tepinganda yer changib
O’zi tushar, ertangi
Choh ustida o’ynaydi…

Qandoq so’lmay qiyog’i,
Kuyib ketmay oyog’i,
Naq yurakning ustida,
Oh ustida o’ynaydi…

1988

TURON

Turklikning mukaddas o’chog’i Turon.
Abdurauf Fitrat

O’ngimda ruhimga o’q otgan fikr,
Ko’nglimga bir yorug’ cho’g’ otgan fikr.
Uyqumda qonimni uyg’otgan fikr:
«Turklikning muqaddas o’chog’i Turon».

Moziyi har otar tongni emizgan,
Har tig’li aqlni, ongni emizgan.
Bo’ri, tulkimas, arslonni emizgan —
Turklikning ko’kragi, bulog’i Turon.

Ko’kiga turnalar «qur-qur»lab botgan,
Otganda kamoni bexato otgan.
Temurday xoqonlar qirqirlab yotgan,
Turklikning beshigi, quchog’i Turon.

Keyin… orqadan yov toshlari yetgach,
Sara keksalari, yoshlari ketgach,
Tarqoq arslonlarin boshlari ketgach,
Yerning tutab yotgan qir, tog’i Turon.

Boy-boy bobolarim boyib, yiqildi,
O’z qoniga o’zi toyib yiqildi.
Bir-biroviga bosh qo’yib yiqildi
Ko’nglimning kuyigi, dard, dog’i Turon.

Shukur, xun uyg’otdi qaytadan qonni,
Arslon bolalari qaytadan yondi.
Yovlar ololmagay endi Turonni
Bugun, tik arslonlarning tog’i Turon!

1993

VATAN JIM TURADI

Vatan jim turadi, ammo u haqda
Tog’dan tushib kelgan tosh so’z aytadi.
Bir sadolar kelar jim-jim kurtakdan,
Osmondan kelgan quyosh so’z aytadi.

Vatan jim turadi, bayrog’i yonib
Boshidagi tug’i aytadi so’zni.
Moziylardan kelib — chir-chir aylanib,
Momomning urchug’i aytadi so’zni.

Vatan jim turadi. Sabolarining
Naylarga qo’shilib bo’zlari ko’pdir.
Saraton. Dashtdagi bobolarimning
Pastak chaylalarin so’zlari ko’pdir.

Vatan jim turadi…

O’ZBEKNING

Uzun tunlar oylardanam uyalgan,
Ayollari tolsa sevilib tolgan.
Qora ko’zi bor yurakka ishq solgan,
Tog’lardagi jayronidir O’zbekning.

Oybarchini — bor Barchindir, ertakmas,
Alpomishdan tug’ olmagan erkakmas.
Do’st yukiga yelka tutib, tog’i past,
Hama olam hayronidir O’zbekning.

Uylarida g’ichirlaydi hamon sinch,
Nodirasi mozorida yotsin tinch.
Har bolasi to so’nggi dam — yukingich,
U bir Ka’ba — vayronidir O’zbekning.

Bilmam Alloh gul berganmi, xas bergan,
Ne bo’lsa ham dilin sarxush, mast bergan.
Nodiraga kaniz bo’lib sas bergan
Halimasi, biyronidir O’zbekning.

Yerda bunday go’zal yer yo’q, oy yo’q deb
Ko’nglim bir oydinlik yuqtirib turar.
“Yotmoqqa bundan-da issiq joy yo’q ” deb,
Onamning mozori uqtirib turar.

TOMOQ QIRISHI

Ota kelganini doim qishu yoz
Tomoq qirishidan bilar edilar.
Bola-yu kattalar chiqardi peshvoz,
Barsday yurishidan bilar edilar.

Endi u yo’lbars yo’q, tortmasdan sergak
Bemalol o’tirar, uyda ayol — oy.
Erkak shunday bo’lsa, kelganda erka,
Ayol tipirchilab topmay qolsa joy.

Bu ayol oldinam bemalol edi,
Uddalay olmadi erga shamlikni.
Qabul qilolmadi erkakning didi
Ayoldagi bu tur xotirjamlikni.

Ayol endi hushyor, qulog’i ovda
Yig’lab eslar erin har bir kirishin
Endi tushlarini qilar bezovta
Shovqin. Va erkakning tomoq qirishi.

Halima Xudoyberdiyeva she’rlari

BATAMOM UYG’ONSAM…

Turayotgan qushga
O’xshayman juda,
Qushlarga o’xshayman
Uyg’onayotgan.
Ba’zi tomirlarim
Hali uyquda,
Ba’zi tomirlarda
Qonlarim qotgan.

Xas-xashaklar bilan
Sudralib yurib,
O’qlik orzusida
Ketib borar yoy.
O’zim-cha nelardur
G’udranib yurib,
Guldayin umrimni
Bermoqdaman boy.

O’zimcha kimningdir
G’amini yedim,
Kimningdir kuniga
Yuribman yarab.
Batamom uyg’onib
Ololsam edi,
Uchib ketarmidim
Ko’klarga qarab.

ENDI KET

Endi ket!
Kutdirding, yomon kutdirding,
Hijron azobini shavq-la yutdirding.
Yiqildim. Boshimda ustuvor turding,
Endi ket!

Hijron yo’llarida sochildi zarim,
Kutdim — ishqim yarim, umidim yarim.
Bir-bir sinib bitdi qobirg’alarim,
Endi ket!

Endi ket, shavkatu shon ortiqchadir,
Chanqab qulagach, ummon ortiqchadir.
Tilanib to’kilgach, non ortiqchadir,
Endi ket!

Endi ket, boshqaga dilingni yorgin,
Alvido, ko’nglimda na gina, na kin.
Endi kimga borsang vaqtida borgin,
Endi…
Ket!

OSMON YAQIN KELAR

Osmon yaqin kelar,
Judayam yaqin,
Qarichlab yetasan
Ololsang chama.
Bir kuni chaqnaydi
Ulug’vor chaqin,
Bolaga aylanib
Qoladi hamma.

Buguncha kattasiz
Xafahol, zada
Yuribsiz sir tutib
Dil, qa’ringizni.
Quyuq tuman bosgan
Har bir lahzada,
Bir-birovga quyib
Zaharingizni.

Ammo, aziz odam,
Bechora odam!
To yerning ostiga
Ketmasdan kirib,
Dunyoda behishtiy
Un ham borligin
Go’dakka aylanib
Shodon, qiyqirib
Bir-birin quchoqpar
Kun ham borligin

Unutma!
Osmon yaqin kelar
Judayam yaqin…

KUTISH
Ballada

Bilmam to’g’rimidi va yoki xato,
O’g’ilchasin uch kun kutdirdi ota.

Uch kun unga umid bog’ladi yetim,
Uch kun kir yengiga yig’ladi yetim.

Keyin ota kutdi. Uch yillab kutdi.
Ko’zi yoshdan xira, g’iltillab kutdi.

Chiqib kunshuvoqqa, tom orqasiga,
Sog’inchlarin ekdi tomorqasiga.

Keyin… o’ttiz yillab ko’zi yo’l o’ydi,
Keyin ko’rmay qoldi. Ko’ziyam to’ydi.

So’ng… timirskilanib chiqdi so’riga,
O’ldi. Shu yuk bilan ketdi go’riga.

So’ng…
U ham umr bo’yi bo’lganmidi xit —
Ular-chun uv tortdi hovlida ko’r it.

MAJNUNTOL

Majnuntol, ey, egib shox
Sen kimlarga sir aytding.
Baridan bo’ldim ogoh,
O’n aytdingmi, bir aytding.

Siringni suvga solma,
Bargingdan g’am arisin.
Bir siringni ololmay
Yosh dunyolar qarisin.

Sen ham ko’zin yoshini
Hech kim ko’rmas bir naysan.
Faqat ishqing yashirib
Mendek yig’layolmaysan.

HAYF

Essiz, zilol daryolar
Biz qonib ichmasak hayf.
Essiz moviy ma’volar,
Biz qonib uchmasak hayf.

Irmoq pastlab, qiyalab
Ketsa, uchqur tog’, essiz.
Ko’rmay o’tsa biyalar
Uchkur arg’umoq, essiz!

Dunyosiga o’t ketsin,
Dunyosiga ertak hayf.
Unda ko’ngli ayolsiz
Ketayotgan erkak hayf.

O’ZING TIK KET

Bilolmasman, bu dunyosi hikmatmu yo siymu zar,
Tilsimlarin ochmoq bo’lib qancha chopmay, hayronman.
Koshonamni, xos xonamni sinchiklab ko’radilar,
Ko’nglim ko’rar, ko’nglim so’rar bir do’st topmay hayronman.

Bir o’y singdi yuragimga, xuddi nashtar, xuddi o’q,
Yiqilmagin, yishqilganni suyaydigan odam yo’q.

Zog’lar sendan chekingaydir, hatto bog’lar ketgaydir,
O’stirganing uchun qulluq, sen deb ozor cheksinmi?
O’zing yerdan ko’targaning — tog’lar sendan ketgaydir,
Yaqinlab bor, biror toshi tanimasa, o’ksinma.

Horib suyanmoqchi bo’lsang bog qurigan, bodom yo’q,
Yiqilmagin, yiqilganni suyaydigan odam yo’q.

Faqatgina olar do’stmas, berar do’sting bo’lsa ham,
O’zing tik ket, omonatdir, bir ustunin ushlama.
Qabrgacha, o’limgacha borar do’sting bo’lsa ham
O’limgacha o’zing tik ket, yo’llarda yer tishlama.

Adl yasha!
Bilgan holda, ko’zlaringda motam yo’q
Yiqilmagin, yiqilganni suyaydigan odam yo’q!

Halima Xudoyberdiyeva tarjimai holi >>

Boshqa she’rlar to’plami >>

Manba

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Attestatsiya
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x